O‘qituvchilarning pedagogik yuklamasini optimallashtirish, ularni asosiy yuklamadan tashqari boshqa hisobotlar va ortiqcha qog‘ozbozlik ishlaridan ozod qilish hamda pedagogikaning mazmuniga ko‘proq vaqt ajratishlari maqsadida “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga o‘zgartirish kiritildi, deya xabar beradi Xalq ta’limi vazirligi.
Bunda, umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni bittagacha (sinf jurnali, jumladan, elektron ravishda kundalik.com tizimi orqali) qisqartirildi.
Qayd etilishicha, bu o‘qituvchilarga asosiy e’tiborini dars mashg‘ulotlarini yanada qiziqarli qilib o‘tishga qaratishi uchun sharoit yaratadi.
Barcha maktablarda fanlar bo‘yicha taqvim mavzuiy rejalarini bir xillashtirish maqsadida, endilikda taqvim mavzuiy rejalar Respublika ta’lim markazi tomonidan tasdiqlanadi va o‘quv yili oldidan vazirlikning rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilishi kutilayotgan “Milliy o‘quv dasturi”ning asosiy komponentlari doirasida barcha fanlardan “O‘qituvchi kitobi”ni joriy etilishi maktab o‘qituvchilarining dars ishlanmasi (konspekt)ning o‘rnini to‘ldiradi.
“Endilikda o‘qituvchilar yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratadilar degan umiddamiz”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, bosqichma-bosqich o‘qituvchilar va maktab jamoasi faoliyati hujjatlarni to‘ldirishiga qarab emas, balki maktab bitiruvchilarining hayotda muvaffaqiyatga erishishlari bilan baholanishga o‘tilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarga sharoit yaratishda ko‘p masala hokimlarga bog‘liq ekanini aytgan edi.
Manba: Daryo
Тасодифий хабарлар
Пенсия миқдори қандай ҳисобланади?
Президент ДХХга тарихий давр архив ҳужжатларини махфийликдан чиқариш бўйича топшириқ берди
Мактабларда ўқиш қай шаклда бўлиши маълум қилинди
UzAuto Motors имтиёзлар ортидан катта фойда кўрди
Шавкат Мирзиёевнинг куёви халқаро ташкилот раҳбарига айланди