Pulli tonirovka – adolatsizlikmi yoki mantiqsizlik?

Pulli tonirovka – adolatsizlikmi yoki mantiqsizlik?

Yurtimizda havo harorati keskin ko‘tarilib ketishi transport vositalari haydovchilarining harakat vaqtida quyosh nuridan himoyalanishga bo‘lgan zarurati va ehtiyojini har doimgidan-da ko‘proq oshirdi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq avtomashina oynasini qoraytirish uchun belgilangan cheklov ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida faol muhokamalarga, aksariyat holatlarda jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Dolzarb mavzuga aylangan ushbu masala bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr va mulohazalar Kun.uz tahririyati tomonidan tahlil qilindi.

Ma'lumki, hukumatning 2018 yil 18 maydagi «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2018 yil 1 avgustdan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi.

To‘lov esa 1 yil muddatga:

  • jismoniy shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 90 baravari (18 245 700 so‘m);
  • yuridik shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 120 baravari (24 327 600 so‘m);

O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — eng kam oylik ish haqining 140 baravari (28 382 200 so‘m) miqdorida belgilandi.

Qarorni o‘qiy turib, uni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy ikki maqsadni ko‘rish mumkin.

Bular:

  • transport vositalari haydovchilari uchun qulay sharoitlar yaratish;
  • respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish.

Bejizga tonirovka uchun ruxsat berishning maqsadidan so‘z ochmadik. E'tibor bergan bo‘lsangiz, gap «transport vositalari haydovchilari» va «respublika hududiga tashrif buyuradigan turistlar»ga qulaylik yaratish haqida ketmoqda. Masalaning shu yerida qarordan ko‘zlangan maqsad ruxsatnoma berish uchun belgilangan miqdor bilan muvofiq kelmay qoladi.

Chunki, O‘zbekiston sharoitida hamma haydovchilar ham bir yil oynasi qoraytirilgan mashinada yurish uchun 2000 AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni sarflab yuborishga qodir emas.

Turistlar masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, tonirovkaga ruxsat berilishining aynan qaysi jihati amalda turistlar uchun sharoitlarni yaxshilashi biroz mavhum bo‘lib qolmoqda.

Endi qarorda ko‘zda tutilgan (yozilgan) maqsadlarni bir chetga surib qo‘yib, xolis fikr yuritib ko‘ramiz.

Ma'lumki, O‘zbekistonning iqlim sharoiti birmuncha issiq va yilning yarmidan ko‘p qismi quyoshli kunlarga to‘g‘ri keladi. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak, qoraytirilgan oyna ko‘proq quyosh nuridan himoyalanish uchun, ya'ni tabiiy ehtiyoj uchun kerak. Oddiy hayotda quyosh nuridan himoyalanishning qator usullarini sanash mumkin: ko‘zoynak, soyabon, bosh kiyim (shlyapa, kepka) va h.k. Bularning hammasi tabiiy hodisalardan himoyalanish hisoblanadi va bularning xech biriga taqiq yoki cheklov belgilanmagan. Bunday shakldagi ehtiyojni qondirish biror-bir tarzda cheklanishi yoki sotilishi ham.

Avtomashina shaxsiy yoki biror korxona mulki bo‘lishi mumkin. Undagi oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) oddiy bezak emas. Bu o‘rinda gap avtotransport vositasi ichidagi inson salomatligi haqida ketmoqda. Salomatlikni tabiiy yo‘l bilan saqlaganlik uchun jarima undirilishi yoki uni sotib olishni taklif qilish qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

Vaholanki, amaldagi qonun hujjatlarida shunday normalar belgilanganki, unga ko‘ra shaxs o‘z xavfsizligi ta'minlamagani uchun jarimaga tortiladi. Masalan, xavfsizlik kamari.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar biror rasmiy manbada tonirovkaning jamiyat uchun xavfli yoki xavfsizligi e'tirof etilmagan. Bordi-yu tonirovka jamiyat uchun xatarli, jinoyatchilik ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi deyilsa (bahona qilinsa), unda umuman ruxsat bermaslik kerak edi. Ushbu sababni o‘rinli hisoblagan holda mantiqni ishga soladigan bo‘lsak, tonirovkaga imkoniyati bo‘lgan aholi qatlami uchun pul evaziga jinoyat sodir etishga sharoit yaratib berilayotgan bo‘lib qolmaydimi?

Barchaga ma'lumki, shu kunlarda yer sharining katta qismi, jumladan O‘zbekiston hududida ham anomal issiqlik hukm surmoqda. Bu esa kunning asosiy qismi ko‘chada o‘tuvchi hamyurtlarimiz, ayniqsa haydovchilar va yo‘lovchilar uchun avtotransport vositalarida harakatlanishda katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.  

Tibbiyot sohasi vakillarining ta'kidlashicha, quyoshdan tarqalayotgan ultrabinafsha nur ta'sirida terida uzluksiz oksidlanish-qaytarilish reaksiyasi kechar ekan.Quyosh issiqligining boshga ta'siri natijasida bosh miya faoliyati buzilishiga olib keladi, natijada organizmda ter ishlab chiqarish tizimi buzilishidan tashqari qon aylanish faoliyati izdan chiqadi. Tomirlar kengayib ketadi va butun tanada qon aylanishi sekinlashib, bosh miya faoliyatida salbiy o‘zgarishlarga olib keladi. Qoraytirilgan oynali avtomobilda harakatlanish bu kabi kasalliklarga chalinishning oldini olishga xizmat qilishi ta'kidlangan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri plyonka tortilgan oynaning foydali jihatlaridan yana biri sifatida oynaning zarbga nisbatan chidamliligi ortishi va yo‘l transport hodisasi vaqtida parchalanib inson tanasiga sachrashining oldini olishini keltirib o‘tgan.

Boshqa bir foydalanuvchi o‘z fikrida qoraytirilgan oyna mashina ichida qoldirib ketilgan buyumlar o‘g‘irlanishi oldini olishga xizmat qilishi haqida yozadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, qoraytirilgan oyna quyosh nuridan asrashi natijasida avtomashina salonida nisbatan salqin ob-havo hukm suradi va bu jaziramada konditsionerning sovitish faolligini oshirib, yoqilg‘ini tejashga olib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga va undan erkin foydalanishga taqiq qo‘yilishi ortida ham qator ziddiyatli bahs va munozaralar yuradi.

Jumladan, YHX xodimlarining ushbu mavzudagi savollarga bergan javoblarini bir eslaylik: «Biz qayerdan bilamiz, avtomashinada kim ketyapti, u nima qilyapti?». Buni asoslab bo‘lmaydigan hamda har tomonlama qo‘shilish mumkin bo‘lmagan, shu bilan birga kulgili va g‘oyatda mantiqsiz fikr deyish mumkin. Chunki, bu fikr bilan ish tutilsa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodamlari ko‘rib turishlari uchun shaxs turar joyidagi pardalarni olib tashlashi lozim (biroz kulgili, shunday emasmi). Axir har kuni xonadonlarda, yopiq inshootlarda qanchadan qancha janjal, o‘g‘rilik va boshqa jinoyatlar sodir etiladi. Bu ko‘rsatkich qora oynali mashina ichida sodir etiladigan jinoyatlardan bir necha ming marta ko‘proqni tashkil qiladi.

Qolaversa, jinoyatchilik va uning ahvoli xususida tahlil yurituvchi ichki ishlar yoki prokuratura organlari tomonidan shu kungacha biror marta ham respublikada qoraytirilgan oynali avtotransport vositalari bilan bog‘liq holda sodir etilgan jinoyatlar statistikasi yuritilmagan. Va umuman, qoraytirilgan oynali mashinalar aynan qaysi turdagi jinoyatlar oshishiga sabab bo‘ladi: odam o‘ldirishmi, odam savdosi yoki o‘g‘rilik jinoyatimi, bu kabi savollarga ham aniq javoblar mavjud emas.

Oynasi qoraytirilgan mashina ichida jinoyat sodir etilsa uni aniqlashning (yoki shaxsni tanib olishning) imkoni bo‘lmay qolishi haqidagi farazni furgon shaklidagi mashinalar-chi, uncha-muncha rentgan moslamasi ham ko‘ra olmaydigan usti yopiq yuk mashinalarichi, kabi savollar bilan yo‘qqa chiqarish mumkin.

Mantiqni ishlatib, fikr yuritib ko‘rilsa, qoraytirilgan oynali mashinada tanib olishning imkoniyati cheklanishiga xavf sifatida qaralishi piyoda yurgan fuqaroning ko‘ziga ko‘zoynak taqib, boshiga bosh kiyim kiyib, soqol qo‘yib olishiga, yoki bo‘lmasam sharf o‘ragan xonimlarga shunday xavf nuqtai nazari bilan qarash kerakligini anglatmaydimi? Qolaversa, jinoyat sodir etish uchun eng qulay joy oynasi qoraytirilgan avtomashinaning ichi emasligi bu sababni yo‘qqa chiqaruvchi omillardan biridir.

Guvohi bo‘lganingizdek, tonirovka ruxsat etilmasligining arzirli bir sababi yo‘q. Shunchaki, taqiqlab qo‘yilgan, tamom.

Ma'lumki, tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan ilgari surilgan. Tonirovkaga pullik asosda ruxsat berish tashabbusini Moliya vazirligi ilgari suryaptimi, demak anglashimiz lozimki, bundan ko‘zlangan maqsad davlat g‘aznasi sari yangi «irmoq» ochish, deyish mumkin.

Qaror qabul qilindi-yu, hammada bir xil savol paydo bo‘ldi: «Nega buncha qimmat?». Darhaqiqat, tusi o‘zgartirilgan oynali avtotransport vositalaridan foydalanish uchun ruxsatnoma olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan narxni boshqa hech bir davlatda uchratmaysiz, bir yillik ruxsatnoma uchun 2000 AQSh dollari(!!!)dan ko‘proq mablag‘ talab etiladi.

Jahon tajribasidan kelib chiqib aytish shuni mumkinki, avtotransport vositasi oynasini qoraytirishga ruxsatnoma olish uchun eng qimmat to‘lov miqdori O‘zbekistonda belgilangan.

Vaholanki, Davlat statistika qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 1 mln. 684 ming so‘mni (200 AQSh dollari) tashkil etgan. Bu degani o‘rtacha oylik ish haqi olib ishlovchi fuqaro qoraytirilgan oynali mashinada yurishi uchun 11 oy yemay-ichmay ishlashi va pul to‘plashi lozim. O‘z-o‘zidan ma'lum bo‘ladiki, hukumatning bu qarori oddiy «transport vositalari haydovchilari» uchun emas.

Masalan, qo‘shni Tojikistonda tonirovkaning bir yil uchun narxi ko‘pi bilan 4730 somoni(taxminan 500 AQSh dollar), Rossiya Federatsiyasida esa 3500 rublni (taxminan 55 AQSh dollari) tashkil qilar ekan. Yana bir qo‘shni davlat Qirg‘izistonda ham pullik tonirovkaga ruxsat berish va uning narxini 450-500 AQSh dollari miqdorida belgilash taklifi ilgari surilgan.

Hattoki, Amerikadek rivojlangan davlatning ayrim shtatlarida har bir avtotransport vositasi uchun oynalarini qoraytirish majburiy etib belgilangan.

Xorijiy amaliyotni o‘rganib bir xulosaga kelish mumkin: avtomashina oynasini qoraytirishdan maqsad quyosh nuridan saqlanish va salon ichidagi haroratni biroz bo‘lsa-da salqin ushlashga qaratilgan.

Barchaga ma'lumki, shu kunlarda yer sharining katta qismi, jumladan O‘zbekiston hududida ham anomal issiqlik hukm surmoqda. Bu esa kunning asosiy qismi ko‘chada o‘tuvchi hamyurtlarimiz, ayniqsa haydovchilar va yo‘lovchilar uchun avtotransport vositalarida harakatlanishda katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Hukumatning biz yuqorida tilga olgan qarori qaysidir ma'noda tonirovkalangan mashinalardan foydalanishni erkinlashtirish uchun qadam bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz. Zero, bu birinchi qadam bo‘lib, kelgusida bu masalada yanada adolatli, fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratuvchi yangi qarorlar qabul qilinishiga ishora bo‘lgan bo‘lsa ajab emas.

Tonirovkaga ruxsatnoma olish uchun qancha miqdorda davlat boji to‘lanishi va uning miqdori naqadar balandligi hamda unga hammaning ham imkoniyat yo‘qligi haqida yuqorida yozdik. Endi tahlil qilib ko‘rsak. Norasmiy manbalardan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yil 1 avgustidan buyon respublika bo‘yicha 1500taga yaqin avtomashina egalari eng kam ish haqining 90 barobari miqdorida boj to‘lab, bir yil davomida oynasi qoraytirilgan mashinada yurish uchun ruxsat olishgan. Bu degani respublika budjetiga aynan shu yo‘nalishdan 27 mlrd. so‘mdan oshiqroq (qariyb 3 mln. AQSh dollari) mablag‘ kelib tushgan.

Davlat statistika qo‘mitasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2017 yilda raspublikadagi har 100ta uy xo‘jaligining 44tasi (44 foiz) yengil avtomobillar bilan ta'minlangan. Bu esa respublika aholisi foydalanuvida o‘rtacha 2,5 million donadan ortiq avtotransport vositasi borligini anglatadi. 

Aytaylik, oyiga eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida belgilansa va respublikada jami mavjud avtotransport vositalarining yuz mingtasi bundan foydalansa davlat budjetiga qancha tushum bo‘lishi mumkinligini hisoblab ko‘ramiz:

100 000 x 202730= 20 273 000 000 (yigirma milliard ikki yuz yetmish uchun million) so‘m;

12x 20 273 000 000= 243 276 000 000 (ikki yuz qirq uch milliard ikki yuz yetmish olti million) so‘m. Bu sal kam 30 mln. AQSh dollari degani. Agar mashinasining oynasini qoraytiruvchilar soni bundan-da ko‘p bo‘lsa, davlat budjetiga tushum ham shunga yarasha ortib boraveradi. Eng muhimi, bir yillik ruxsatnomaning bahosi qimmat bo‘lmasa haydovchi bundan foydalanadi va shu yo‘l bilan tushum uzluksizligi ta'minlanadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, davlat raqam belgisi uchun pul to‘lagan odam davlatdan evaziga bir parcha qog‘ozdan tashqari metall shakldagi davlat raqam belgisini oladi. Yuridik shaxslarning haydovchilari har ikki yilda bir marta malaka oshirgani uchun sertifikatdan tashqari amalda bilim va ko‘nikmalarini oshiradi. Biroq oynasini bir yil davomida qoraytirib yurish uchun ruxsatnoma olgan odamga amalda hech narsa berilmaydi. Ruxsatnoma egasi bozorga borib, o‘zi tanlagan plyonkani o‘z hisobidan olib, oynasiga torttiradi.

Aynan shu amaliyotga biroz o‘zgartirish kiritib, oynalarni transport vositasining egasi to‘lagan pul hisobidan markazlashgan tarzda yopishtirib berish tizimini joriy etish lozim. Shunda oyna tusini o‘zgartirishda belgilangan davlat standartlariga ham qat'iy rioya qilinishi ta'minlangan bo‘lar edi.

Dilshod Abduqodirov

Huquqshunos

×