Sud Namangandagi 3 nafar profilaktika inspektorini fuqaroni qiynoqqa solishda aybdor deb topdi. Ular IIB binosida fuqaroni kaltaklab, qiynagan va uni huquqbuzar sifatida qamatishga uringan. Sobiq xodimlar turli yillarga (7, 6 va 5 yilu 2 oy) qamaldi. Gazeta sud hukmi bilan tanishdi.
Namangan viloyatida fuqaroni qiynoqqa solgan 3 nafar ichki ishlar organlari xodimiga nisbatan sud hukmi o‘qilib, ular turli muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Gazeta sud hukmi bilan tanishdi.
Hujjatda yozilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahri sudi 13-fevral kuni Chust tumani IIBning 40 yoshli sobiq profilaktika inspektori Baxrom Dustnazarov hamda Namangan shahri 1-sonli IIBning sobiq profilaktika inspektorlari — 37 yoshli Islomjon Qodirov va 26 yoshli Muhammadjon Tojiboyevga nisbatan hukm chiqardi. Mazkur jinoyat ishiga sudya Shuhrat Xudoyorov raislik qildi.
Ma’lumot uchun, ushbu qiynoq holati bo‘yicha “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov sentabr oyida Facebook’dagi sahifasida yozib chiqqandi. Shundan so‘ng jabrlanuvchi Abdulahad O‘rmonov va uning onasi Gazeta`ga intervyu berib, uni uch nafar ichki ishlar xodimi qiynoqqa solgani haqida aytib bergan. Shuningdek, Gazeta ushbu keys bo‘yicha 22-dekabr kuni sud ishi boshlangani haqida yozgandi.
Quyida keltirilgan voqealar rivoji to‘laligicha sud hukmi matniga asoslanadi.
Fuqarodan o‘ch olish rejasi
Sud hujjatida aytishicha, sudlanuvchi Baxrom Dustnazarov 2018—2023-yillarda Namangan shahridagi Oltitosh mahallasida profilaktika katta inspektori lavozimida xizmat qilgan. Mazkur davr ichida ushbu mahallada yashovchi fuqaro Abdulahad O‘rmonov va uning turmush o‘rtog‘i O.J. o‘zaro oilaviy nizolar sababli janjallashgan vaqtlarida O.J. bir necha marotaba inspektorga arz qilgan. Uning shikoyati asosida Dustnazarov fuqaro O‘rmonovga nisbatan qonuniy chora ko‘rib kelgan. Natijada O‘rmonov rafiqasi O.J. hamda profilaktika inspektori Baxrom Dustnazarov o‘rtasida ishqiy munosabatlar bor degan xulosaga kelgan.

Ta’kidlanishicha, sudlanuvchi Dustnazarov 2023-yilning mart oyida Norin tumanidagi Yaydoq mahallasining profilaktika inspektori lavozimiga o‘tkazilishiga qaramay, shaxsiy masalalari bo‘yicha muntazam ravishda Oltitosh mahallasiga kelib yurgan. 2025-yil 14-avgust kuni sobiq inspektor Dustnazarov Namangan shahridagi Guzar mahallasida joylashgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasiga o‘z boshqaruvida bo‘lgan avtomashinani ta’mirlash uchun olib kelgan vaqtida shu yerdan o‘tib ketayotgan Abdulahad O‘rmonov uni ko‘rib qolgan va turmush o‘rtog‘i O.J. bilan o‘rtalarida ishqiy munosabatlar borligiga izoh berishini talab qilgan.
Ta’kidlanishicha, Baxrom Dustnazarov fuqaro O‘rmonov uni ushbu mazmundagi talablari bilan muntazam ravishda bezovta qilib kelganidan g‘azablangan. O‘rmonovning mazkur xatti-harakatlariga chek qo‘yish va kelgusida ham qaytib bezovta qilmasligi uchun uni huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblab, sud organlari yordamida ma’muriy qamoq jazosiga hukm qildirish orqali o‘ch olishni maqsad qilgan. U fuqaro O‘rmonov bilan o‘zaro gaplashib olish va holatga oydinlik kiritishni aytib, unga Namangan shahri 1-sonli IIB binosi oldiga borishini aytgan. O‘sha kuni O‘rmonov aytilgan manzilga borgan.
Sudlanuvchi Baxrom Dustnazarov binoning kirish qismida uni kutib turgan O‘rmonovdan o‘ch olish maqsadida Namangan shahri 1-sonli IIB profilaktika katta inspektori, sobiq hamkasbi Islomjon Qodirovga qo‘ng‘iroq qilgan. U fuqaro Abdulahad O‘rmonov orqasidan kuzatib kelib, qo‘lidagi pichoq orqali unga tan jarohati yetkazishi bilan tahdid qilayotganini aytgan va IIB binosiga yetib kelishini so‘ragan.
So‘ng Dustnazarov o‘z chaqiruvi asosida IIB binosiga yetib kelgan sobiq hamkasblari Islomjon Qodirov va Muxammad Tojiboyev bilan uchrashgan. Ularga fuqaro O‘rmonov unga muntazam ravishda tahdid solib, turmush o‘rtog‘i O.J. bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lib kelayotganlikda ayblab yurganini aytgan. Shu sababli uni huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblab, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, sud organlari orqali ma’muriy qamoq jazosiga hukm qildirish rejasini ma’lum qilgan va sobiq hamkasblaridan amaliy yordam berishlarini so‘ragan.
IIB binosidagi qiynoq
Sud hujjatiga ko‘ra, Baxrom Dustnazarov o‘z harakatlarini davom ettirib, sobiq profilaktika inspektorlari Qodirov va Tojiboyev bilan birga mansab vakolatlari doirasidan tashqaridagi harakatlarni qasddan sodir etgan. Dustnazarov fuqaro O‘rmonovni mayda bezorilik ko‘rinishidagi huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblab, uni IIB binosining kirish qismidagi yo‘lakka kuch ishlatgan holda majburlab olib kirgan va fuqaroning yonida o‘tkir tig‘li jism borligi vaji bilan shaxsiy tintuv o‘tkazgan.
Jabrlanuvchi O‘rmonov ularning mazkur harakatlariga e’tiroz bildirgan. Uchala hamkasb uning bu gaplarini ichki ishlar xodimlariga nisbatan faol qarshilik ko‘rsatish sifatida baholagan va Dustnazarov fuqaroning bosh qismidan eggan, Qodirov uning qo‘llarini orqasiga qayirib turgan, Tojiboyev esa kishan solgan. So‘ngra O‘rmonovni IIB binosining o‘tish qismi yonida joylashgan va videokamera nazoratidan chetda bo‘lgan fuqarolarni qabul qilish xonasiga zo‘rlik ishlatgan holda olib kirgan.
Shundan so‘ng ular jabrlanuvchi O‘rmonovni uzoq muddatga qamatib yuborish bilan tahdid qilib, ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan e’tiroz bildirish va ularni ta’qib qilish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida gapirilgan.

Dustnazarov O‘rmonovning yuz qismiga urgan, fuqaro yerga yiqilgan. Qodirov uning qorin va ko‘krak qismlariga tizzasi bilan sakragan va do‘pposlagan. Tojiboyev ham fuqaroni bir necha bor tepgan. Qodirov jabrlanuvchi O‘rmonov baqirib yordam so‘ragani, ularga nisbatan ko‘rsatgan qarshiligini yengish maqsadida qasddan badanga shikast yetkazgan.
Uch hamkasb fuqaroga hayoti uchun og‘ir tan jarohati yetkazganini tushunib, ushbu harakatlarini yashirish va kelgusida O‘rmonovni boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘zlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, shikoyat qilishining oldini olishni maqsad qilgan. Avvaliga IIBning fuqarolarni qabul qilish xonasida, so‘ngra bino hovlisining ko‘cha tomonga ko‘rinmaydigan qismida 14-avgust kuni soat 18:00 dan 22:34 ga qadar ushlab turgan va uning erkinligini qisqa muddatga cheklagan.
Soxta “huquqbuzar”
Sud hukmiga ko‘ra, Dustnazarov bu ishdagi sheriklari Islomjon Qodirov va Muxammad Tojiboyev bilan birga sodir etgan jinoyatlarini yashirish orqali kelgusida javobgarlikdan qutulib qolish va o‘z harakatlariga qonuniy tus berish maqsadida 15-avgustga qadar IIBning tungi navbatchiligiga jalb etilgan profilaktika inspektorlari — A.M. va B.A.ni chaqirtirgan.

Ularga jabrlanuvchi O‘rmonov tomonidan mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik va tuhmat qilishdan iborat bo‘lgan huquqbuzarliklar sodir etganini aytgan. Uni zudlik bilan shifokor ko‘rigidan o‘tkazishni va tegishli ma’lumotni olgan holda Namangan shahri IIBga ma’muriy tartibda ushlab turishga yetkazishni, o‘zlari esa bunga qadar huquqbuzarlikka oid bo‘lgan hujjatlarni to‘plab, ularga taqdim etishlari haqida topshiriq bergan.
Profilaktika inspektorlari A.M. va B.A. jabrlanuvchi O‘rmonovni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, Dustnazarov tomonidan to‘plangan huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlar bilan birgalikda shahar IIB navbatchilik qismiga ma’muriy tartibda ushlab turish maqsadida topshirgan. Biroq navbatchilik qismi navbatchisi A.E. jabrlanuvchi O‘rmonovga nisbatan to‘plangan hujjatlar to‘liq emasligini bildirib, uni qabul qilishni rad etgan.
Shundan so‘ng profilaktika inspektorlari A.M. va B.A. jabrlanuvchi O‘rmonovga yashash xonadoniga ketishi mumkinligini aytgan. Ammo bu vaqtda shahar IIB binosiga yetib kelgan Dustnazarov bunga qarshilik ko‘rsatgan va O‘rmonovga nisbatan qo‘shimcha hujjatlar to‘plashini ma’lum qilgan. Dustnazarov iltimosnomalarni rad etib, uni B.A.ning “Yangi qurilish” MFYdagi xizmat xonasida 15-avgust kuni sahar soat 03:30 dan 08:00 ga qadar qonunga xilof ravishda ushlab turgan. Bu orqali qonuniy asosga ega bo‘lmagan holda fuqaro erkinligini qisqa muddatga yana cheklagan.
15-avgust kuni uch xodim aslida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etmagan O‘rmonovga nisbatan dalillarning tergovga qadar tekshiruv chog‘ida A.Qaxxarov va Sh. Boymirzayevlarning tushuntirish xatlari hamda boshqa hujjatlarga yolg‘on ma’lumotlar kiritib, ularni qalbakilashtirgan. To‘plangan mazkur hujjatlarni mazmunan ko‘rib chiqish va O‘rmonovga nisbatan ma’muriy qamoq tarzidagi jazo turi qo‘llanishiga erishish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahri sudiga taqdim etgan.
Biroq jabrlanuvchi O‘rmonovga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish uchun taqdim etilgan ushbu hujjatlar sud tomonidan shu kunning o‘zida ko‘rib chiqilib, to‘plangan hujjatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 303−1-moddasi tartibida qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish uchun qaytarilgan.
Shifoxonaga tashlab ketilgan jabrlanuvchi
Aytilishicha, Baxrom Dustnazarov va uning bu ishdagi sheriklari O‘rmonovning chora ko‘rishni so‘rab, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilish fikridan qaytguniga qadar uning erkin harakatlanishiga bo‘lgan huquqlarini cheklab, o‘zlari bilan olib yurishi haqida reja tuzgan.
Sudlanuvchi Dustnazarov O‘rmonov o‘z istagi asosida u bilan birga dam olib yurganini kelgusida asos qilib ko‘rsatish maqsadida O‘rmonovning qaynotasi A.Qaxxarov va qarindoshi Sh. Boymirzayevni ham o‘zi bilan birga olib ketgan. O‘rmonovni dastlab Pop va Kosonsoy tumanlarida 15-avgustdan 16-avgust kuni soat 18:00 ga qadar qonunga xilof ravishda ushlab turgan. O‘sha kuni soat 21:00 larda jabrlanuvi O‘rmonovning ahvoli og‘irlashgani uchun Namangan shahridagi xususiy shifoxonaga tashlab ketgan.

16-avgust kuni fuqaro O‘rmonovning onasi Osiyo Bo‘taboyeva va boshqa yaqin qarindoshlari uning shifoxonada og‘ir ahvolda yotganidan xabar topgach, O‘rmonovni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan viloyat filialiga olib borgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamlar natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i nima deydi?
Sudda guvoh sifatida qatnashgan O.J. 2016-yilda Abdulahad O‘rmonovga turmushga chiqqani va o‘sha yili qiz farzand ko‘rishganini bildirgan. Ammo oilaviy nizo sababli qizlik uyiga qaytib ketgan, o‘sha paytda turmush o‘rtog‘i O‘rmonovga chora ko‘rishni so‘rab, profilaktika inspektori Baxrom Dustnazarovga ariza bilan murojaat qilgan va shikoyatga asosan uning oldiga bir necha marta borgan. Bir kuni ekspertiza qilish uchun inspektorning mashinasida ketayotganini turmush o‘rtog‘i Abdulahad O‘rmonov ko‘rib qolgan, Dustnazarov rasmiylashtirgan hujjatlarni sudga olib borgan va sud qarori bilan turmush o‘rtog‘iga jarima tayinlangan. Suddan so‘ng O‘rmonov turmush o‘rtog‘ini profilaktika inspektori Dustnazarovdan rashk qilib, u bilan ishqiy munosabatda yurganini da’vo qilgan.
O.J.ning aytishicha, 2017-yilda turmush o‘rtog‘i va Dustnazarov o‘rtasida bir necha marotaba ziddiyatli holat kelib chiqqan. Oradan birmuncha vaqt o‘tib, er-xotin yarashib olgan. 2020 va 2022-yillarda yana ikki farzand ko‘rgan. Ayol 2018-yildan beri Baxrom Dustnazarov bilan biron marta ko‘rishmaganini bildirdi.
Shuningdek, ayol 2022-yilda oiladagi kelishmovchiliklar sababli ota uyiga qaytib ketgani, hozirga qadar (2025 kuzigacha — tahr.) ota-onasi bilan birga yashayotgani, yaqin orada turmush o‘rtog‘ining uyiga qaytishni rejalashtirganini qayd etgan.
Hukm
Sud majlisida sudlanuvchilar Baxrom Dustnazarov, Islomjon Qodirov va Muxammad Tojiboyev aybiga iqror emasligini ta’kidlagan. Ammo ushbu ish bo‘yicha to‘plangan dalillar hamda jabrlanuvchi Abdulahad O‘rmonov va sudda o‘ndan ziyod fuqaroning guvoh sifatida bergan ko‘rsatuvlari sobiq uch nafar profilaktika inspektorining jinoyat sodir etganiga asos bo‘lgan.
Sud Baxrom Dustnazarovni Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “k” bandi, 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 230−1-moddasi (Dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish)) 2-qismi “a” bandi, 234-moddasi (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
Unga nisbatan 3 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilish va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Islomjon Qodirov ham Jinoyat kodeksining ayni moddalari bilan aybdor deb topildi. Jazolar qo‘shilganda 3 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yilga qamaldi.
Muxammad Tojiboyevga qo‘yilgan JK moddalari ham yuqoridagi moddalar bilan bir xil. Unga 3 yil muddatga IIO tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Тасодифий хабарлар
Умрага юбориш билан ноқонуний тарзда шуғулланиб келган турфирмаларга чора кўрилди
Ноқулай об-ҳаво сабаб имтиҳон кунлари ўзгартирилиши мумкин
Алмазбек Атамбаев ҳибсга олинди
ИШИД ЕЧЛ ўйинларида терактлар уюштирмоқчи – ОАВ
Мўғулистондан 100 минг бош майда шохли моллар олиб келинади