“Yashil pasport bilan Green Card o‘ynash mumkin, ammo natija chiqqunicha bu pasport yaroqsiz bo‘lib qoladi”. AQSh konsulligi Green Card bo‘yicha savollarga javob berdi

“Yashil pasport bilan Green Card o‘ynash mumkin, ammo natija chiqqunicha bu pasport yaroqsiz bo‘lib qoladi”. AQSh konsulligi Green Card bo‘yicha savollarga javob berdi

AQShning Toshkentdagi elchixonasi konsullik bo‘limi vakillari yuzga yaqin tinglovchilar bilan Green Card masalasida uchrashdi. Uchrashuv O‘zbekiston milliy kutubxonasi binosida bo‘lib o‘tdi. Green Card to‘ldirish mavsumi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda “Daryo” muxbiri ishtirok etdi.

Uchrashuvning birinchi qismida mavzu yuzasidan prezentatsiya qilindi; shundan so‘ng konsullik bolimi xodimlari yig’ilganlarning savollarga javob berdi.

“Umumiy hisobda 55 ming kishini saralab olish belgilandi. Bu ko‘rsatkich davlatlar kesimida belgilanmagan”, – dedi vakillardan biri, joriy yilda Green Card’ga qancha odam ega chiqishi borasidagi savolga javob berarkan.

Shuningdek, uchrashuvda nomzodga qo‘yiladigan talablar ham sanab o‘tildi. Unga ko‘ra, nomzod 21 yoshga to‘lgan hamda o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

Ishtirokchilarga boshqa talab qo‘yilmaydi.

Anketa qanday to‘ldiriladi?

Anketa to’ldirish faqat bir manzil – Green Card’ning rasmiy sahifasi bo‘lmish “DVLottery.state.gov” orqali amalga oshiriladi. Bugungi kunga o‘yinning rasmiy sahifasi bo‘lishga “da’vogar” o‘nlab soxta saytlar bor va ular ko‘plab foydalanuvchilariga ham ega. Bu, albatta, ishtirokchilarni chalg‘itadi.

“Ular sizdan anketa to‘ldirish davomida pul talab qilishi mumkin. Unutmaslik kerakki, o‘yinning dastlabki bosqichi, ya’ni ariza topshirish mutlaqo bepul. Saytga kirib, shaxsiy va oilaviy ma’lumotlar, rasm kiritish kifoya va siz ro‘yxatdan o‘tasiz. Yangi nizomga ko‘ra, pasport ma’lumotlaringizni ham kiritishingiz kerak”, – dedi rasmiylardan biri bu masalada.

Qanday qat’iy talablar bor?

Avvalo ism-familiya kiritish jarayonida kamchilikka yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Inglizcha muqobili bilan taqqoslaganda farq yuzaga keluvchi ism-familiyali talabgorlardan ayniqsa e’tiborli bo‘lish so‘raladi. Odatiy yashil pasport yordamida ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lganlar pasportning ma’lumotlar ingliz tilida berilgan qismidan foydalanishi lozim. Shundagina ism-familiya masalasida muammo bo‘lmaydi. Ammo ba’zi sabablarga ko‘ra joriy yilda yashil pasport bilan ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etilmaydi.

Registratsiya qizil pasport orqali amalga oshirilgudek bo‘lsa, u holda muammo kuzatilmaydi.

Ikkinchi qat’iy talab suratga qo‘yiladi. Konsullik suratlarning haqiqiyligiga katta e’tibor qaratadi. Olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda tushilgan va hech qanday tahrir amalga oshirilmagan surat taqdim etilishi kerak. Suratga oq fonda tushish tavsiya etiladi. Photoshop dasturlarida hattoki oq fonni tuzatish ham mumkin emas. Rasm 100 foiz haqiqiy bo‘lishi kerak. Haqiqiy bo‘lmagan surat egasining murojaati so‘zsiz rad etiladi.

Qo‘shimcha ma’lumot sifatida aytish kerakki, bir kishi bir mavsumda faqat bir marta ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Qizil pasport bilan ro‘yxatdan o‘tganlarning imkoniyati ko‘payadimi?

Joriy yildan boshlab elchixona ro‘yxatdan o‘tishda faqat qizil pasportlardan foydalanishni tavsiya etmoqda.

Albatta, texnik jihatdan yashil pasport bilan ham ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati bor, agarda unda muddati tugamagan OVIR stikeri bo‘lsa. Qizil pasport orqali ro‘yxatdan o‘tish tavsiya qilinishi keyingi bosqichlar bilan bog‘liq. Birinchidan, OVIR stikerlari berilishi to‘xtatildi, ikkinchidan esa, joriy yilgi lotereya natijalari chiqadigan 2021-yilga qadar yashil pasport muomaladan chiqarilishi mumkin. Bu esa muammo keltirib chiqaradi.

Ro‘yxatdan o‘tishda ishlatiladigan pasport to‘laqonli chet elga chiqish hujjati bo‘lishi kerak.

Ma’lumot o‘rnida, agar ro‘yxatdan o‘tilganidan so‘ng pasport ma’lumotlari o‘zgartirilsa, konsullikka yangilangan shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etish va ma’lumot o‘zgarganining sababini izohlab va asoslab berish kerak bo‘ladi. Shu sababdan pasport ma’lumotlarni o‘zgartirish tavsiya etilmaydi.

Talabgor OTM talabasi bo‘lsa…

Hujjat topshirish davrida talabgor OTM talabasi bo‘lsa, anketa to‘ldirishda o‘zini o‘rta ma’lumotli sifatida qayd etadi. Agar u ikkinchi bosqichga o‘tsa va bu davrga kelib OTMni tamomlagan bo‘lsa, bu ma’lumotni suhbat jarayonida taqdim etishi mumkin. O‘rta ma’lumotga ega bo‘lmagan va ikki yillik ish stajiga ega talabgorlar uchun saytda ma’lumot berilgan.

O‘yin natijalarini aniqlash qanday tartibda amalga oshiriladi?

Ro‘yxatdan o‘tish yakunlanganda ishtirokchiga tasdiq kodi taqdim etiladi. Agar u qandaydir xizmat ko‘rsatish shoxobchasida yoki kimningdir ko‘magi bilan ariza topshirgan bo‘lsa, tasdiq kodi faqat o‘ziga ma’lum ekanligiga ishonch hosil qilish lozim. Aks holda muammolar bo‘lishi mumkin.

O‘yinda yutishda ko‘mak taklif qilgan hech kimga ishonmang. O‘yin natijalari e’lon qilingach siz o‘zingizga tegishli tasdiq kodini saytga kiritasiz va natijani bilib olasiz. Natija hech qanday jadval ko‘rinishida yoki boshqa saytda e’lon qilinmaydi. Har kim o‘z natijasini faqat o‘zi tekshirish imkoniyatiga ega.

Qaysi jarayon pulli?

Registratsiya jarayoni, yuqorida ta’kidlanganidek, tekin. Birinchi bosqichdan o‘tsangiz, viza xarajatlari va tibbiy xulosalar uchun sizdan mablag‘ ajratish talab etiladi.

Yana bir eslatma: elektron pochtangizga firibgarlar tomonidan “Siz Green Card yutdingiz” mazmunidagi xabarlar kelishi mumkin. Konsullik pochta orqali hech qachon xabar yubormaydi. Natijalar faqat rasmiy saytda e’lon qilinadi.

×