Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi ish joylarida namoz o‘qishga sharoit yaratiladigan holatlar aniqlansa o‘sha korxona rahbariga jinoyat ishi ochilishini ma’lum qildi. Bu haqda viloyat hokimi boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishning audioyozuviga tayanib, BBC xabar berdi.
Shuningdek, Shuhrat G‘aniyev oldida kim bo‘lishidan qat’iy nazar, ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa uning ro‘molini o‘sha tuman hokimi og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Yig‘ilishda hokim hijob madaniyatiga rioya etmayotgan ayollar aniqlanib, 300 nafarining tashqi qiyofasi o‘zgartirilganini hisobot bergan. Farg‘ona viloyat hokimi viloyatga kelgan mehmonlarning ham soqolini olishni talab qilgan.
Shuningdek, u Marg‘ilonda lozim , yaktak va boshiga do‘ppi kiyib yotgan bemorni kiyimi uchun shifoxonadan chiqarib yuborganini aytib maqtangan. U Quva tumanida qo‘shma korxona ochgan turkiyalik sarmoyadorga soqolini olish haqida gapirganini aytgan.
“Men aytdim, yaxshi qo‘shma korxona ochibsizlar rahmat. Lekin bunaqa soqolni qo‘yib olmanglar. Chet ellik mehmon, lekin bu shu yerda faoliyat yuritib tirikchilik qiladigan bo‘lsa, O‘zbekiston qonunlariga bo‘ysunishga majbur bo‘ladi va soqolini olamiz biz. Turkiya respublikasi fuqarosini. Shunday dedimmi?”, — deydi u Quva tumani hokimiga. Quva tumani hokimi viloyat hokimining gapini tasdiqlagan va undan so‘ng o‘zlari yana gaplashib olganini ta’kidlaydi.
Viloyat hokimi ikki kun oldin Marg‘ilon shahrida “Ipakchi” bozorida avtoturargohni boshqarayotgan tadbirkorning soqolini qanday oldirganini gapirgan.
“Katta ‘avtostoyanka’ni bittasi boshqaryapti. Soqolni qo‘yib olgan. Boshiga shialarning do‘ppisini kiyib olgan. ‘Avtostoyanka’da turibdi. Shaharning hokimini chaqirdim. Gapir nima bo‘lganini”, — deydi Shuhrat G‘aniyev. Shunda Marg‘ilon shahar hokimi turib soqolli erkakka tushuntirib, soqolini olishgani haqida hisobot beradi.
“O‘sha ‘Ipakchi’ bozori rahbarini almashtirishing kerak edi o‘sha kuni. Nimaga olmading. Olib tashlang uni bozordan. Padariga la’natni o‘zini olib kirib tiqib tashlang”, — deydi Shuhrat G‘aniyev.
Hokimga ko‘ra, Farg‘ona viloyat hududidagi bozor-savdo komplekslarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning, taksi haydovchilarning tashqi qiyofasi, hududdagi tashqi reklama bannerlariga hudud mutasaddilari, hokimlar yetarli darajada e’tibor qaratmayapti.
Viloyat hokimi kunlik ma’lumotlarga asosan Rishton tumani Bo‘ston qishlog‘ining “Baraka” bozorida diniy adabiyotlar bilan shug‘ullanayotgan savdo shoxobchalarining mavjudligi aniqlanganini aytgan.
Unga ko‘ra, tadbir davomida ruxsat etilmagan, maxsus gologrammasiz diniy adabiyotlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan 3 nafar shaxs aniqlanib, ulardan 190 dona davlat to‘ntarishi qiladigan kitoblar musodara qilindi.
“Rishtondagi nomardlar, shunaqa kitoblar tarqatasan urug‘ingga o‘t tushib ketsin sen Rishtondagi... Urug‘ingga o‘t tushib ketadi sen nomardlarni. Qani tur, hov Rishtonning hokimi?”, — deya tuman hokimiga dakki bergan G‘aniyev.
U mahalla raisi hammasini ishdan olib tashlashni va ularni 5 sutkaga qamashni buyurgan: “Ichki ishlar va sudyalarni ham chaqirib, hurmatli hokim. Mahalla fuqarolar raisini ham besh sutkaga jarima qilib qamaysizlar. Bunaqa mahalla raisi ham kerakmas, posboni ham kerakmas. Rishtonning xotin-qizlar qo‘mitasini ishdan olib tashlanglar”.
U prokurorga kitob sotishda ayblanayotgan 3 nafar ayolning hammasidan tushuntirish xati olib, jarima solishni aytgan.
Viloyat hokimi uning taqiqlashiga qaramasdan u yuborgan joylarga ro‘molli jurnalistni qo‘yishganiga dakki bergan. Aniqlanishicha, gap viloyat televideniyesi ishlaydigan ro‘molli jurnalist haqida bormoqda.
Viloyat hokimiga jurnalistning O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha eksperti Diyego Garsiya-Sayanni kutib olish uchun aeroportga ro‘mol va rangli ko‘ylakda chiqqani yoqmagan.
Ayol o‘sha kuni BMT ma’ruzachisi kelguncha kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilinib, aeroportdan ketkazilgan.
“Men kecha bitta jurnalistni haydab yuborsam, bugun yana o‘sha jurnalistni mani avtobusimda olib yurishgan. Haydavorsam, tadbirkorlar bilan avtobusda olib yurishibdi, ayol kishini. Yana olib yurishibdi. Munday qilib kirib keladi, lippanglab”, — deya o‘z noroziligini e’lon qilgan hokim.
Shundan so‘ng tuman hokimlariga ro‘mol o‘ragan ayollar borasida ogohlantirish bergan.
“Hurmatli hokimlar eshitib olinglar. Birortang majlis qilsang, man borsam o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam. Mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, jamoatchimi u, deputatmi u o‘sha ro‘molini olib og‘zingga tiqib qo‘yaman”, — deydi Shuhrat G‘aniyev.
U ushbu so‘zlarini hokim va hokim o‘rinbosarlariga yozib olishni buyurgan.
Shuningdek, Shuhrat G‘aniyev zamonaviy kiyimlarni reklama qilishga mo‘ljallangan reklama bannerlari va plakatlarda o‘zbek milliy qadriyatlariga xos bo‘lmagan tashqi ko‘rinishda, soqol bilan, hijobda turli joylari yirtilgan yoki yamoq solingan reklamalar ketayotganini ta’kidlab, viloyatdagi tashqi reklama bilan shug‘ullanadigan uch firmaga 300 million so‘mdan jarima solish topshirig‘ini bergan.
Viloyat hokimi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga amal qilmaganlarni qamash kerakligini, yoki bozorga sartarosh olib borib bittadan yurib sochini olib, soqolini olib boshiga O‘zbekiston Respublikasi milliy qadriyatlariga mos bo‘lgan qalampir nusxa do‘ppini kiygizib qo‘yish taklifini bergan.
U muammolardan shikoyat qiluvchilarga ham alohida to‘xtalgan.
“Vatan ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishning o‘rniga olib borilayotgan davlat islohotlarini muhokama qilib, davlat islohotlariga g‘iybat qilib, ularning tub mohiyatini tushunib yetmasdan, yurtimizni jahon hamjamiyati oldida qoralash maqsadida g‘ayri ishlar bilan shug‘ullanayotgan shaxslarda bo‘xton ma’lumotlar yetkazish urfga aylandi. Pulning evaziga. Oldin Facebook’ka kiradi, undan keyin ‘Tablig‘i jamoat’ deganiga o‘tadi. ‘Tablig‘i jamoat’ degani, jamoat bo‘lib yashash deydi. Erkak erkak bilan yashaydi. Uning hech qanaqangi Islomga, muqaddas dinimizga aloqasi yo‘q uning. Ular gazandalar. Undan keyin anunga o‘tadi, ‘Jabhat an Nusratiya’ degani bor, padaringga la’nat”, — deydi hokim.
Shuhrat G‘aniyev yaqinlashib kelayotgan parlament saylovlarida kimlar deputat bo‘lishi mumkinligiga ishora bergan.
“4 kundan keyin saylovlar turibdi. Saylovlarda ham kim deputat bo‘ladi? Mana shu masalalarda o‘zini ko‘rsatgan odamlar deputat bo‘ladi”.
Shuhrat G‘aniyev bir necha kun oldin Marg‘ilon shahridagi shifoxonalarning birida oq yaktak-ishton va oq do‘ppi kiyib olgan bemorni qanday qilib quvib solganini yig‘ilganlarga aytib bergan.
“‘Bolnitsa’da nima haqqi bor, oq ishton, oq lozim kiyib olib boshida oq do‘ppi kiyib olib yotishini. Nima haqqi bor? Shifoxonaga ko‘rganlar kelsa, Marg‘ilonda, bittasi yotibdi. Mandan 5 yosh kichkina ekansiz-ku, dedim. Bu nima kiyim? Nechi kun bo‘ldi, bu kiyimni kiyganingizga, ishton bilan ko‘ylakni, dedim. 4 kun bo‘ldi, dedi. Nima bu kiyinish, ichkari ko‘rinib yotibdi-ku. Sizga kirib ukol qilayotgan ayol birovning ayoli, nima haqqingiz bor ko‘rsatishga, dedim. Sasib yotibsiz-ku, dedim. Tur, chiqarib haydavor, dedim. ‘Bolnitsa’dan chiqartirib yubordim. Ustingdan yozaman, palon piston. Yozsang yozavur dedim”, — deydi u.
Viloyat hokimi chaqaloqqa “to‘g‘ri” ism qo‘ymayotgan ota-onalarni ham tilga olgan. Ularning orasida Messi va Ronaldular ham bor.
“Chaqaloqlarga buyuk ajdolarimiz ismlarini qo‘yish o‘rniga, bolalarga, yangi tug‘ilgan go‘daklarga boshqa millat vakillarining, terroristik tashkilot rahbarlarining ismini qo‘yish holatlari — bu fakt. Usoma degan ot qo‘ygan. Mujohid degan ot qo‘ygan. Foruq degan ot qo‘ygan. Messi degan ot qo‘ygan, Ronaldu degan ot qo‘ygan”. Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma beradigan tashkilotlardan bu ismlarni o‘sha vaqti o‘zgartirish talabini qo‘ydi hokim.
Hokim o‘z o‘rnida sobiq Ittifoqni ham eslab o‘tgan. Unga ko‘ra u vaqtda oddiy holatlar uchun ham odamlar tergovga jalb qilingan.
Hokim viloyatdagi diniy ulamolar va imomlarni bu haqda gapirishga targ‘ib qiladi.
“Nimaga indamaydi olim-u ulamolarimiz? Gapirsa o‘lib qoladimi? Buvaydani imomi gapirsa o‘lib qoladimi? Bitta narsani esdan chiqarmanglar. Mamlakatimiz konstitutsiyaviy, demokratik davlat. Bizning mamlakatimizda din davlatdan ajratilgan. Dunyoviy davlat”.
Hokimga ko‘ra, jahonda 260 davlat bo‘lsa hammasiyam dunyoviy davlat emas.
“Dunyoviy davlat bo‘lish juda qiyin. Dunyoviy davlat degani hamma teng huquqli degani. Lekin buni buzib ko‘rsatish hozir jinoiy javobgarlikka tortiladi”, — deydi G‘aniyev.
Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi hujralarda diniy ta’lim olishni ham qoralagan. “Bolalarni jinniga aylantiryapti”, deydi u hujralar to‘g‘risida gapirarkan. “Yana ba’zi bir holatlarda masjidlarda hokimiyat, huquq tartibot idoralari tomonidan hozirgi kunda muvofiqlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bepisand qarab, hokimiyat vakillarini obro‘sizlantirish masalalariga e’tibor berilgan”.
G‘aniyev ana shunday masjidlar sirasida Dang‘ara tumanidagi Said Ahmadxon Hoji masjidi, Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidlarii sanab o‘tib ularni yopishga topshiriq bergan.
“Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidi shu tuman hokimlari shu masjidlarning imomi, noibi, mutavallisi, balosimi badtari hammasini haydavor”, — deydi u.
Hokimga ko‘ra, bu masjidlarda mansabdor shaxslar ustidan ariza yozish bilan shug‘ullangan.
“Diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha mahalliy hokimiyat idoralari olib borayotgan tadbirlarni obro‘sizlantirib, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mansabdor shaxslar ustidan noqonuniy arizalar tashkil etish bilan shug‘ullangan”, — deydi G‘aniyev.
Viloyat hokimi, shuningdek, noqonuniy shar’iy nikoh o‘qigan imomlarni ham qoralagan.
U Qo‘shtepa tumanidagi Nuqron masjidi imom xatibi, Farg‘ona tumanidagi Damko‘l masjidi imom xatibi va imom noiblari noqonuniy nikoh o‘qigan, degan.
“Hozir Nuqronning ham o‘sha imomini olib borib qamaysan, Farg‘ona tumani Damko‘lning imomini ham olib borib qamaysan ey, ikkala hokim. O‘zing borib qamatasan hozir. Eshitdingmi, ey gapimni Farg‘ona tuman hokimi?”, — deydi Shuhrat G‘aniyev.
Viloyat hokimi yaqin o‘tgan kunlarda targ‘ibot bilan shug‘ullangan 39 nafar farg‘onalik jinoiy javobgarlikka tortilish uchun hibsga olinganini ma’lum qilgan.
“Agar birorta maktabda, birorta shifoxonada, davlat idoralarida u kim bo‘lishidan qat’iy nazar. Xalqaro tashkilotlarda, ishlab chiqarish joylarida noqonuniy namozxona tashkil qilib bersalaring jinoiy javobgarlikka tortilasizlar. Yo mumkinmi u qonunda prokuror?”, — deya prokurordan so‘ragan u.
Viloyat hokimi G‘aniyevning ta’kidlashicha, hokimiyat, bank, maktab, soliq idoralarida namoz o‘qiydigan xona tashkil qilib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini buzgan shaxslar qonun bilan jazolanadi. Hokimga ko‘ra viloyatda juda katta ishchi guruhi ishlayapti.
“Qaysi shahar yo tumanda, agar davlat tashkiloti rahbarlari, ularning xodimlari qonun buzadigan bo‘lsa, masalan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida agar bitta noqonuniy soqol qo‘ygan odamni topsang Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonasi rahbari va o‘sha kasaba uyushmasi rahbari ikkalasi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Farg‘ona shahar hokimi eshityapsizmi? Agar xulosa qilinmaydigan bo‘lsa yaxshilikka olib kelinmaydi”, — deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev 2018-yili Aqto‘beda yuz bergan fojia va uning oqibatlari muhokamasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazgan va yig‘ilish davomida Toshloq tumani aholisini “haromi” deb atab, ularning Hajga borishini taqiqlagandi. 2019-yil 2-avgust kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda Shavkat Mirziyoyev “snos”lar masalasiga alohida to‘xtalib, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari hokimlari bilan birga Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning ishlarini “xiyonat” deb baholadi. Prezident O‘zbekistonni butun dunyoga sharmanda qilayotgan viloyat hokimlariga chora ko‘rishni bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovga topshirgan edi. Yakunda ushbu viloyat rahbarlari ishonchni oqlashi uchun yil oxirigacha imkon berildi. O‘zbekiston mustaqilligiga 28 yil to‘lishi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Shuhrat G‘aniyevni “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlagan edi. Manba: Daryo.uz
Тасодифий хабарлар
Туманлар ва шаҳарлар бўйича «яшил», «қизил» ва «сариқ» ҳудудлар рўйхати эълон қилинди
Пайғамбаримиз қайси кўнгилхушликларга изн берганлар?
Оғзига ғишт бўлаги тўлган эркакнинг жасади топилди
Абдукарим Мирзаев озодликка чиқарилди
“Жасади 2 кун машинада олиб юрилган аёл” ҳақидаги хабар рад этилди