Kortejda maksimum 3 ta mashina, to‘yda 250 odam, oshda 300 odam qatnashadi. Tadbirlar Ichki ishlar organlari nazoratida o‘tadi.
O‘zbekistonda to‘y-ma’rakalarni davlat tomonidan tartibga solishga navbatdagi urinish sifatida 14-sentabrda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisi yangi nizomni qabul qildi. Bu nizom to‘y-ma’rakalar yuzasidan so‘nggi yillarda qabul qilingan to‘rtinchi qarordir.
Senator va deputatlar masalaga naqadar jiddiy yondoshganini senator Iqbol Mirzoning ma’ruzasidan his qilish mumkin:
"Nizomda belgilangan talablar ijrosi to‘liq ta’minlanishgi nazoratga olinsa, o‘ylaymanki, to‘y va boshqa marosimlarimiz maqsadga muvofiq ixcham o‘tadi. Bugungi isrofgarchiliklar, ko‘r-ko‘rona dabdabalar jondan to‘ydirish darjasiga borib etyapti", deydi to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha yangi nizomni tanishtirgan senator Iqbol Mirzo.
Yangi nizomning ayrim muhim jihatlari:
- oilaviy tadbirlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi. Dafn etish marosimi bundan mustasno. Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.
- Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
- To‘y-hashamlar egasi kamida bir hafta oldin yashash joyidagi mahallani xabardor qilishi shart.
- Kortejda faqat 3 tadan ko‘p mashina yura oladi. Pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lishi shart.
- Diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ma’ruzani din idorasining vakolatli vakili o‘qiydi.
- "Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan" turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolarni) o‘tkazish taqiqlandi.
- Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.
- Tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu talablar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy bo‘linmalari oboradi.
Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.
Ichki ishlar organlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari talablariga to‘yxona, kafe va restoranlarda rioya etilishini nazorat qiladi hamda ushbu talablar buzilganligi aniqlangan holatda tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati rejalashtirilayotgan oilaviy tadbirlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim.
Тасодифий хабарлар
Наманган, Андижон, Фарғона вилоятлари аҳолиси огоҳлантирилди
Наманган вилоятига янги прокурор тайинланди
Ўзгидромет янги ҳафтага оид шошилинч огоҳлантириш билан чиқди
Президентлик сайловида илк номзод эълон қилинди
Мустақиллик байрами арафасида неча кун дам оламиз?