Avgust oyining boshida Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanidagi 3 nafar ayol tug‘ruq vaqtida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu xabar yuzasidan hududda xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.
Mirishkor tumani Jeynov qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Nodira Abdullayeva 2018-yil 3-oktabrda homiladorlikning 10-haftasi va 4-homiladorlik bilan hududdagi Jeynov uchastka shifoxonasida ro‘yxatga olingan. 2018-yil 19-dekabrdan kamqonlikning yengil darajasi bilan hisobda turgan. Homiladorlikning individual kartasi bo‘yicha esa Nodira Abdullayeva ginekolog N.Rahimova nazoratida bo‘lgan. Dastlabki skrining ko‘rigida unga homila tushish xavfi bilan tashxis qo‘yilgan. Shundan so‘ng Nodira Abdullayeva doimiy ginekolog nazoratida bo‘lgan va unga zarur dori vositalari buyurilgan.
Aprel oyida ayol patologiya bo‘limida yengil preklampsiya tashxisi bilan davolanib chiqqan. Muolaja jarayonida operatsiyaga ko‘rsatma bo‘lmagan, ahvoli yaxshilangandan so‘ng uyiga ruxsat berilgan. Homilador ayol oy-kuni yaqinlashgani va faol tug‘ruq jarayoni boshlanmayotgani sabab 24-aprel kuni yana shifoxonaga ko‘rikka kelganida unga tug‘ruq jarayoni tushuntirilgan hamda yotib davolanishga tavsiya berilgan. Ammo ayol bunga rozi bo‘lmagan.
Ertasi kuni unda tug‘ruq dardi boshlangan va tez yordam chaqirilgan. Tez yordam mashinasi olti daqiqada chaqiruv joyiga yetib kelgan va Jeynov uchastka shifoxonasi akusher-ginekologi N.Rahimova, hamshira X.Annamurodova hamda feldsher Z.Murodovalar ayolni to‘liq ko‘rikdan o‘tkazgan va qon bosimini o‘lchagan. Homiladorning ahvoli og‘irligi sabab Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan zudlik bilan ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilganda homilaning o‘lim holati aniqlanadi.
Tibbiy xulosalar natijasiga ko‘ra, uy sharoitida tug‘ruq faoliyati boshlangan, lekin tug‘ruq muassasasiga o‘z vaqtida murojaat qilmaganligi natijasida N.Abdullayevada bachadon yorilishi holati kuzatilgan. Tug‘ruqxona mutasaddilarining tibbiy yordam ko‘rsatishiga qaramay, bemorni shok holatidan chiqarish imkoniyati bo‘lmagan. O‘tkazilgan reanimatsion chora-tadbirlar ijobiy samara bermagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, homilador ayol N.Abdullayeva ambulator sharoitda yetarlicha tekshiruvdan o‘tkazilmagan, tibbiy yordam ko‘rsatilishi to‘liq tashkillashtirilmagani aniqlandi.
Bundan tashqari, xizmat tekshiruvi jarayonida yana bir mirishkorlik ayol Dilafro‘z Bekmurodova bilan ro‘y bergan holat ham o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Dilafro‘z Bekmurodova 1989-yilda tug‘ilgan bo‘lib, Buluch qishlog‘ida istiqomat qilgan. O‘tgan yilning 27-noyabrida 2-homiladorlikning 9-haftasi bilan Jeynov uchastka shifoxonasida ro‘yxatga olingan. Ayol hudud akusher-ginekologi Nazokat Rahimovaning muntazam ko‘rigida bo‘lgan, patronaj hamshira tomonidan uyda kuzatuvlar olib borilgan. Homilador ayol hisobga olinganda UTT, skrining tekshiruvlaridan o‘tgan, turli yuqumli kasalliklar bo‘yicha tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Oy-kuni yaqinlashgunga qadar homila va homilador ayol uchun xavf omillari kuzatilmagan. Joriy yilning 10-iyun kuni soat 10:00 atrofida Dilafro‘z Bekmurodovada to‘lg‘oq boshlangan. Uni Jeynov uchastka shifoxonasi tug‘ruq bo‘limiga shu kuni soat 12:00 da olib kelishgan. Bu yerdan soat 17:20 lar atrofida tuman tug‘ruq bo‘limiga tez yordam mashinasida jo‘natilgan. Ayol 17:40 dan 21:20 ga qadar shifokorlar kuzatuvida bo‘lgan. Shu vaqtda uning ahvoli birdaniga og‘irlashib, ko‘krak sohasida og‘riq, mushaklar tonusi oshishi, havo yetishmaslik holatlari bilan zudlikda sun’iy nafas olish moslamasiga ulangan. Mutaxassislar tomonidan reanimatsion davo-muolajalari o‘tkazilishiga qaramasdan biologik o‘lim qayd etilgan.
Yana bir fuqaro, 21 yoshli Alisa Xolxo‘jayeva Mirishkor tumani, Chandir qishlog‘ida tug‘ilgan. A.Xolxo‘jayeva joriy yil 20-iyun kuni soat 20:30 da Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasiga birinchi homiladorlikning 38-haftasida og‘ir preklampsiya, yo‘ldosh ko‘chishi, homilaning antenal o‘lim holati hamda kamqonlikning o‘rta og‘ir darajasi tashxisi bilan tug‘ruqxona bo‘limiga qabul qilingan.
Dastlab u kelganida bel va qov sohasida kuchli og‘riq, bosh og‘rig‘i, qindan qonli ajralma kelishi bilan shikoyat qilgan. Tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda homilada yurak urishi aniqlanmagan. Tegishli ko‘rsatmalarga ko‘ra, unda kesarcha kesish amaliyoti qo‘llanilgan va vazni 2780 gramm o‘g‘il bola jinsli o‘lik homila olingan.
Shifokorlar tomonidan amaliyot asoratsiz o‘tgan, yo‘qotilgan qon o‘rnini qoplash choralari ko‘rilgan. Shundan so‘ng ayolning ahvoli og‘irligi sababli tug‘ruqxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Bemor jarrohlik amaliyotidan keyin 9 kun davomida jonlantirish bo‘limida davolangan. Ammo ko‘p qon yo‘qotilishi va amaliyotdan keyingi holat bo‘yicha bemorda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Viloyat markazidan chaqirilgan gemodializ mutaxassisi tavsiyalari tayinlangan.
Reanimatsiya bo‘limida o‘tkazilgan intensiv reanimatsion davo muolajalariga qaramasdan, bemorning ahvoli og‘irlashib borgan va 29-iyun kuni soat tonggi 3:00 da joni uzilgan. Bemor yaqinlarining qarshiligi sababli ayolda patologoanatomik tekshiruv o‘tkazilmagan, natijada o‘lim sababi noma’lumligicha qolgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuqorida qayd etilgan o‘lim holatlari yuzasidan Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasi mas’ul xodimlariga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi. 3 nafar mas’ul xodim – Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari X.Usmanov, TTB boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari X.Choriyev, TTB bosh akusher-ginekologi J.Kamolov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, 3 nafar tibbiyot xodimining bir oylik maoshidan 30 foiz miqdorida jarima chegirib qolindi. Manba: Daryo.uz
Тасодифий хабарлар
Ўзбекистоннинг 9 ҳудудида сел-сув тошқини хавфи эълон қилинди
Толибоннинг юқори мартабали қўмондони ўлдирилди
Коронавирус! Шифокорлар тирик эркакни ўлдига чиқариб, ўликхонага жўнатишди
Россия Украинага яна ракеталар ва учувчисиз дронлар билан ҳужум қилди
Неймар собиқ клубига қайтади – манба