Qo‘shrabotda tabiiy ko‘lga aholi baliq boqish uchun eshak go‘shti tashlanganini aytmoqda (foto+video)

Qo‘shrabotda tabiiy ko‘lga aholi baliq boqish uchun eshak go‘shti tashlanganini aytmoqda (foto+video)

“Daryo” tahririyatiga Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida yashovchi G‘olib Do‘stqulov murojaat qilib, tumandagi tabiiy buloqlardan hosil bo‘lgan ko‘lning suvi ifloslanishi natijasida yildan yilga kamayib ketayotganligini bayon etgan. Murojaatchining aytishicha, Qo‘shrabot tumanining ko‘rki bo‘lgan mazkur ko‘l avvallari aholi dam oladigan so‘lim maskan hisoblangan.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev voqea joyida bo‘lib, holat bilan tanishdi.

Foto: “Daryo”

— Tumanimiz markazida joylashgan ushbu ko‘l tabiiy buloqlardan chiqayotgan suv evaziga paydo bo‘lgan. Suv tanqis bo‘lgan Qo‘shrabot tumanidagi bu ko‘lni to‘ldiruvchi buloqlarning ko‘zlari hozirda balchiq loylar bilan to‘lishi evaziga uning suvi yildan yilga kamayib bormoqda, — deydi G‘olib Do‘stqulov. — Biz ko‘lning achinarli ahvolga kelib qolayotganligi yuzasidan mutasaddilar, xususan, Qo‘shrabot tumani va Samarqand viloyati hokimiga murojaat qildik. Ammo hech narsa o‘zgarmadi.

G‘olib Do‘stqulov bolaligi o‘tgan ko‘lni saqlab qolish maqsadida tuman hokimligiga murojaat qilib, ular bilan gaplashgan. Hokimlik vakillari avgust oyida borib o‘rganishlarini bildirishgan. Ammo belgilangan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hech kim kelib ahvolni o‘rganmagan.

Foto: “Daryo”

— “Bir oydan keyin qilib beramiz, yog‘ingarchilik bo‘lib qoldi”, deb bahona qildi. Vaholangki, Qo‘shrabot tuman hokimi ko‘lni tozalashga va’da bergan edi. Lekin hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmadi. Hech kim kelib ham ko‘rmadi. Bu suvga umuman cho‘milib bo‘lmaydi. Suvning tubi balchiq bo‘lib yotibdi. Shu holatda ketsa, yana 5 yildan so‘ng ko‘lni ham yo‘qotamiz, — deydi G‘olib Do‘stqulov.

Mahalliy aholining aytishicha, avvalari ko‘l atrofi bolalar dam olish oromgohi va istirohat bog‘i bo‘lgan. Yozning issiq kunlarida nafaqat Qo‘shrabot, balki qo‘shni tuman ahli ham kelib, shu yerda dam olib ketgan. Ko‘lda qayiqlar, uning atrofida turli ko‘ngilochar maskanlar bo‘lgan. Ayni paytda ko‘lning bir qismi qurib bo‘lgan. Endi asosiy ko‘l ham asta-sekin qurib bormoqda. Ammo bu muammoni o‘rganib, unga barham beradigan mas’ulning o‘zi yo‘q.

Foto: “Daryo”

— Suvdan sassiq balchiq hidi keladi. Hozir bu yerda cho‘milish mumkinmi-yo‘qmi, buni ham bilmaymiz. Davlat sanitariya-epidimologiya markazi tuman bo‘limi xodimlari biror marotaba kelib tekshirmagan, o‘zining xulosasini aytmagan, — deydi G‘olib Do‘stqulov. — Bu ko‘lning tagi tozalanib, balchig‘i olinsa, ham suv ko‘payadi, ham toza bo‘ladi. Qolaversa, bemalol cho‘milish imkoniyati yaraladi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, 35 yildan buyon tozalanmagan ko‘l ma’lum muddat tadbirkorlarga berilgan. Tadbirkorlar baliq boqish maqsadida tabiiy ko‘lni har xil chiqindilar bilan to‘ldirib tashlagan.

– Suvga har xil go‘shtlarni olib kelib, qurtlatib, baliqqa yem qilish uchun tashlashardi. Hatto eshaklarni so‘yib kelib, ko‘l yoniga osib qo‘yib, qurtlatib, baliqlarga yedirardi. Baliqlar qurtdan oziqlanar ekan. Aynan shuning hisobiga 7-8 yildan buyon ko‘l achinarli ahvolga kelib qolgan, — deydi G‘olib Do‘stqulov.

Foto: “Daryo”

Atrofi daraxtlar bilan o‘ralgan ko‘lda avvallari bolalar oromgohi bo‘lgan. Hozir esa tumandagi oromgohlar yo‘qolib ketgan, bolalar yozgi ta’tilda maktabda tashkil qilingan oromgohga borishadi. Ammo u yerda ham yetarli sharoit bo‘lmaydi.

Foto: “Daryo”

– Maktablarda tashkil qilinadigan yozgi oromgohlarning o‘tiradigan oshxonasi talabga javob bermaydi. Ushbu ko‘l atrofi salqin va yaxshi joylar edi. Bolalarni oromgohga yuborishimiz kerak. Unda ham yo‘llanma kelsa, Urgut tumaniga yuboramiz. Urgut bizdan 140 kilometr uzoqda joylashgan. Oldimizda turgan oromgoh esa ko‘z o‘ngimizda yo‘q bo‘lib ketmoqda. Bu tumanimizdagi mutasaddi rahbarlarning beparvoligi oqibatidan, — deydi G‘olib Do‘stqulov. —Bu yerlarni tozalab, kattalar va bolalar uchun sharoit qilib berish kerak. Qo‘shrabotliklar ushbu suv havzasini saqlab qolish, tabiiy suv o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketmasligini istaydi.

×