Pokistonliklar Namanganda mehmonxona quradi, tekstil mahsulotlari laboratoriyasini ochadi va “Axsikent” yodgorligini o‘rganadi (foto+video)

Pokistonliklar Namanganda mehmonxona quradi, tekstil mahsulotlari laboratoriyasini ochadi va “Axsikent” yodgorligini o‘rganadi (foto+video)

Avval xabar berganimizdek, Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Pokistonda bo‘lib turibdi.

Shahar hokimligi axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tomonidan tashkil qilingan safar davomida bir qancha muhim kelishuvlarga erishilgan.

Jumladan, Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Pokistonning Milliy yengil sanoat universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi. Bitimga muvofiq, Namangan shahrida tekstil mahsulotlarini sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etiladi. Ikki OTM o‘rtasida qo‘shma o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi, hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi. Yil oxiriga qadar Namanganga universitet professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari delegatsiyasi kelishi ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

“Travel Inn Hotel” kompaniyasi tomonidan Namanganda 100 o‘rinli mehmonxona qurish taklifi bildirildi. Buning uchun kompaniya rahbariyati O‘zbekistonga kelib, mavjud shart-sharoitlarni o‘rganadi.

“Marhaba Laboratories LTD” kompaniyasi O‘zbekistonda tabiiy o‘simliklardan ishlab chiqarilgan dori vositalarini Pokistonga eksport qilish masalasiga qiziqish bildirdi. Kompaniya Namanganda shu yo‘nalishda o‘z ishlab chiqarishini ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Uchrashuvlar davomida mezbonlarga Namangan shahrining salohiyati, turizm va tekstil sohasidagi imkoniyatlari tanishtirildi. “Istiqlol tekstil dizayn” (“Ideal” brendi) , “Samira Amir tekstil” hamda “Gabon tekstil” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlari, tayyor kiyim-kechaklar namunalari targ‘ib qilindi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Safar davomida Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Panjob viloyati gubernatori Muhammad Sarvar va Lahor shahri hokimi Muhammad Asif bilan muzokaralar olib bordi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Ularda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash, viloyatga Pokiston investitsiyalarini jalb qilish, Namanganda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Pokistonga eksportini yo‘lga qo‘yish, Namangan va Lahor o‘rtasida birodarlashgan shaharlar maqomini belgilash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Panjob turizmni rivojlantirish boshqarmasi bilan Namangan shahar hokimligi o‘rtasida o‘zaro turistik salohiyatni oshirish, ikki tomonlama sayyohlar oqimini ko‘paytirish, turpaketlar tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Panjob arxeologik yodgorliklar ilmiy-tadqiqot markazi “Axsikent” ochiq osmon ostidagi muzeyini birgalikda o‘rganishga qiziqish bildirdi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Pokistonning Neo TV telekompaniyasi “Aap Ki Avaz” tok-shousining Namangan viloyatiga bag‘ishlangan maxsus sonini efirga uzatdi. Uning auditoriyasi 50 milliondan ortiq kishini tashkil etgani aytilmoqda.

×