“Barselona” “Valensiya”ga qarshi, Germaniyada grandlar to‘qnashuvi va Arveladze jamoasining Namanganga safari. Haftaning eng muhim 7 o‘yini

“Barselona” “Valensiya”ga qarshi, Germaniyada grandlar to‘qnashuvi va Arveladze jamoasining Namanganga safari. Haftaning eng muhim 7 o‘yini

FIFA kunlari sabab klub futbolida tanaffus yuzaga kelgandi, ushbu haftadan milliy chempionatlardagi o‘yinlar davom etadi. “Daryo” 14—15-sentabr kungi markaziy o‘yinlar haqida qisqacha ma’lumot beradi.

“Real” — “Levante”

14-sentabr, 16:00

Foto: Twitter

Bugun Zinedin Zidanni oson bo‘lmagan sinov kutib turibdi. Mavsum boshida jarohatlar epidemiyasidan aziyat chekayotgan jamoaning yana bir nechta o‘yinchisi terma jamoa safidan jarohat bilan qaytdi. Luka Modrich va Federiko Valverdening jarohatlari madridliklarga qimmatga tushishi mumkin. “Real” “Levante”ga qarshi o‘yin qaydnomasiga bor-yo‘g‘i uchta yarim himoyachini kiritdi: Toni Kroos, Kazemiro va Xames Rodriges. Buning ustiga Xames endi jarohatidan forig‘ bo‘ldi va uning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. Yozgi transfer oynasida Lyorente, Sebalyos kabi o‘yinchilarning qo‘yib yuborilgani o‘zining ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Biroq “qaymoqranglilar” muxlislarini xursand qiladigan boshqa jihatlar ham bor. “Santyago Bernabeu”dagi o‘yinda Eden Azar “Real”dagi debyutini o‘tkazishi mumkin. Bundan tashqari, Luka Yovich va Rodrigo kabi futbolchilar ham safga qaytgan.

“Levante” ikkita g‘alaba qayd etgan holda turnir jadvalida to‘rtinchi pog‘onada ketmoqda. “Real” esa undan bir ochko kam jamg‘argan.

“Liverpul” — “Nyukasl”

14-sentabr, 16:30

Foto: Twitter

Amaldagi vitse-chempion “Liverpul” o‘z maydonida “Nyukasl” bilan bahs yuritadi. “Hakkalar” mersisaydliklar jamoasi uchun juda qulay raqib hisoblanadi. “Nyukasl” Angliya Oliy divizionida hammadan ko‘proq aynan “Liverpul”ga yutqazgan (75-marta). Bundan taqshqari, “Liverpul” ketma-ket 23 o‘yindan buyon o‘z maydonida “Nyukasl”ga yutqazmagan (19 g‘alaba, 4 durang) va bu o‘yinlarining barchasida gol urishga erishgan. So‘nggi bor “oq-qora”lar 1994-yilning aprelida “qizillar”ni “Enfild”da mag‘lub etishga (2:0) muvaffaq bo‘lgandi.

Ayni damda Yurgen Klopp boshchiligidagi jamoa yuz foizlik natija bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “Liverpul” bu o‘yindagi g‘alaba orqali bir nechta rekordlarni qayd etish imkoniyatga ega.

“Fiorentina” — “Yuventus”

14-sentabr, 18:00

Foto: Twitter

Ortda qolgan ikki turdan keyin olti ochko jamg‘argan “Yuventus”ni Florensiyada murakkab bahs kutib turibdi. Mauritsio Sarri shogirdlari avvalgi ikki turda “Parma” (1:0) va “Napoli” (4:3) ustidan qiyin g‘alabalarga erishib, hali mag‘lub bo‘lmagan uchta jamoaning biri bo‘lib turibdi.

“Fiorentina”da esa aksincha holat, Vinchentso Montella boshchiligidagi jamoa mavsumni ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. “Binafsharanglilar” “Napoli” (3:4) va “Jenoa” (1:2) kabi jamoalardan alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Shunday bo‘lsada, jamoa har qanday sharoitda o‘z maydonida kuchli o‘yin ko‘rsatadiganlar sirasiga kiradi.

“Manchester Yunayted” — “Lester”

14-sentabr, 19:00

Foto: Twitter

Ilk turdagi g‘alabadan keyin “Manchester Yunayted” keyingi uchta o‘yinda faqat bir ochko to‘play oldi. Bugun Ole-Gunnar Sulsher shogirdlari “Old Trafford”da “Lester” qarshiligini sindirishga urinib ko‘radi.

“Lester” ortda qolgan to‘rt turda 8 ochko to‘plagan holda uchinchi o‘rinda ketmoqda, ulardan oldinda faqat “Liverpul” va “Manchester Siti” bormoqda. Brenden Rojers jamoani yangi mavsumga yaxshi tayyorlagani ko‘rinib turibdi. To‘p nazoratidagi yuqori ko‘rsatkichlar ham buni isbotlamoqda. Buning ustiga Tilemans—Meddison—Vardi hujum uchligini to‘xatitish raqiblarga oson bo‘lmayapti.

Yozda bir nechta yetakchisini yo‘qotgan va himoya chizig‘ini mustahkamlashga uringan “qizil iblislar” esa o‘yin tomonlama yomon ko‘rinmayotgan bo‘lsada, biroq natija buning aksini ko‘rsatmoqda. Xullas, bugun Manchesterdagi o‘yin tur bezagiga aylanishi katta ehtimol.

“Leypsig” — “Bavariya”

14-sentabr, 21:30

Foto: Twitter

Yevropada haftadaning markaziy o‘yinlaridan biri Leypsigda kechadi. Ortda qolgan turlarda yo‘qotishsiz kelayotgan “Leypsig” o‘z maydonida amaldagi chempion “Bavariya”ni qabul qiladi.

Yulian Nagelsman qo‘l ostiga o‘tgan saksoniyaliklar taqvimning qiyinligiga qaramasdan mavsumni ko‘tarinki ruhda boshladi. Jamoa “Union” (4:0), “Ayntraxt” (2:1) va “Borussiya M” (3:1) kabi klublarni dog‘da qoldirishga erishdi. “Buqalar” o‘z maydonida har qanday raqibga yetarli qarshilik qila olishini inobatga olsak bugungi o‘yinda Niko Kovachga oson bo‘lmasligi aniq.

Mavsumning dastlabki o‘yinida “Herta” bilan durang o‘ynab qo‘ygan “Bavariya” qolgan ikki turda yirik g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. Terma jamoalardan klub tasarrufiga yetib kelgan futbolchilar qay darajada tayyorligini bugungi bahsda ko‘rib olamiz.

“Barselona” — “Valensiya”

14-sentabr, 23:59

Foto: Twitter

Yana bir markaziy uchrashuvlardan biriga Barselona shahri mezbonlik qiladi. Mavsumni juda yomon boshlagan katalonlar “Valensiya”ga qarshi bahs olib boradi.

“Barselona” o‘tgan uch turda faqat 4 ochko to‘play oldi. Messi, Dembele va Suaressiz qolgan jamoa o‘yin borasida qiyinchiliklarga uchramoqda. Luis Suares safga qaytgan bo‘lsada, terma jamoa safida Samuel Umtiti jarohat bilan qaytdi.

“Valensiya”da esa bir necha kun oldin murabbiy almashdi. Jamoaning ichki muhiti buzilgach, Marselino Garsiya Toral iste’foga chiqarildi. Uning o‘rnini “Barselona” va “Real” sobiq o‘yinchisi Albert Selades egalladi. Mutaxassisning ilk uchrashuvi esa juda qiyin raqibga qarshi kechadigan bo‘ldi. Buning ustiga “Barselona”ga qarshi o‘yin uning uchun prinsipial ahamiyatga ega. O‘tgan yili Xulen Lopetegi qo‘l ostidagi “Real”da yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan mutaxassis aynan katalonlarga qarshi bahsdagi yirik mag‘lubiyatdan (1:5) keyin Madridni tark etgandi.

“Navbahor” — “Paxtakor”

15-sentabr, 18:30

Foto: Paxtakor

Yakshanba kunining markaziy bellashuvi Namanganda bo‘lib o‘tadi. Andrey Kanchelskis qo‘l ostiga qaytgan “Navbahor” jamoasi “Paxtakor”ni qabul qiladi.

Bir necha oy muqaddam rossiyalik mutaxassis qoniqarsiz natijalar sabab iste’foga chiqarilgandi. Biroq undan keyin kelgan Deyan Jurjevich ham aytarli natija qayd eta olmadi va namanganliklar rahbariyati Kanchelskisni ortga qaytardi. 6-o‘rinda ketayotgan jamoa OChLga yo‘llanma taqdim etishi mumkin bo‘lgan ikkinchi pog‘onadagi “Lokomotiv”dan 10 ochko ortda qolmoqda. Shu sabab, har bir o‘yinda jamoa faqat yuz foizlik natija uchun maydonga tushishi kerak bo‘ladi.

“Paxtakor” va Shota Arveladze uchun “lochinlar” eng noqulay raqiblardan biri hisoblanadi. O‘tgan mavsum “Markaziy”da kechgan ikkita o‘yinning birida mezbonlar minimal hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritgan, ikkinchi bosqichda esa 3:3 hisobi qayd etilgandi. Ushbu mavsumning birinchi davrasida Toshentdagi o‘yin ham 2:2 hisobidagi jangovar durang bilan yakun topgan edi.

Nodirxon Hamidxonov tayyorladi
Теглар:
×