Mirziyoyev Iordaniyaga bordi: Amman Toşkent uçun nega muhim

Mirziyoyev Iordaniyaga bordi: Amman Toşkent uçun nega muhim

Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev Iordaniyaga ilk bor taşrif buyurdi. Bundan bir hafta oldin, 16–17 noyabr kunlari u Ummon sultonligida bölgan edi. Ammanga yaqinlaşganda prezident samolyotini Iordaniya harbiy-havo kuçlarining qiruvçi samolyotlari kuzatib bordi. Aeroportda mehmonni qirol Abdulla II va malika Raniya şaxsan özlari kutib oldi.

Suhbat çoğida Mirziyoyev bu mamlakatga birinçi marta kelayotganini aytib, uni «payğambarlar yurti» deb atadi. U safar davomida nabirasi Şavkatbekka yozgan maktubi haqida ham gapirib ötdi. Faxriy qorovul saf tortib, madhiyalar yangragaç, rasmiy muzokaralar boşlandi. Ikki rahbar ilgari ham uçraşgan: ötgan yili avgustning oxirida Abdulla II davlat taşrifi bilan Samarqandga kelgandi.

Dengizga yöl va suv tajribasi

Özbekiston dengizga çiqiş uçun ikki davlat çegarasini kesib ötişi kerak bölgan kam sonli mamlakatlardan. Iordaniya Ummon kabi strategik darvoza emas, lekin uning Qizil dengizdagi Aqaba porti bor. Mamlakat eksportining qariyb 78 foizi va importining 65 foizi aynan şu port orqali ötadi. Iordaniya bilan savdo va logistika aloqalari rivojlansa, Özbekiston uçun Yaqin Şarq bozorlariga yöl oçilişi mumkin.

Iordaniyaning suv xöjaligidagi tajribasi ham eʼtiborga molik. Jahon banki maʼlumotlariga köra, u dunyoda suv eng tanqis mamlakatlardan biri. Şu sababli Amman suvdan tejamli foydalaniş, oqova suvlarni qayta işlaş va qişloq xöjaligida qöllaşga katta ahamiyat beradi. Özbekiston ham suv tanqisligi bilan yuzma-yuz turganini hisobga olsak, bunday tajriba amaliy foyda beradi.

Yaqin Şarqdagi siyosiy mavqe

Iordaniya neftga boy emas, ammo mintaqadagi siyosiy taʼsiri ança kuçli. U Isroil, Falastin, Suriya, Iroq va Saudiya Arabistoni bilan çegaradoş. 1994 yilda Isroil bilan tinçlik şartnomasi imzolagan, Falastin masalasida esa arab dunyosining taʼsirli ovozlaridan biri. AQŞ Kongressi tadqiqot xizmati Iordaniyani Vaşingtonning Yaqin Şarqdagi muhim hamkorlaridan biri deb baholaydi.

Falastin-Isroil mojarosiga yondaşuvda Toşkent va Amman pozitsiyasi yaqin. Ikkisi ham «ikki xalq uçun ikki davlat» tamoyilini qöllaydi. Ular 1967 yilgi çegaralar doirasida poytaxti Şarqiy Quddus bölgan mustaqil Falastin davlati tuzilişini tarafdor. Ğazo masalasida ham ikki tomon harbiy harakatlarni töxtatiş, gumanitar yordam yetkaziş va barqarorlikni tiklaş tarafdori. Taşqi işlar vazirlari bu masalalarni muzokaralarda kötargan, qöşma bayonotlarda ham aks ettirgan.

Mamlakatlar BMT va Islom hamkorlik taşkilotida ham birga işlamoqda. 2026 yil iyulida taşqi işlar idoralari rahbarlari mintaqaviy va xalqaro masalalar böyiça kelişilgan harakatni davom ettirişga tayyor ekanini tasdiqlagan. Yana bir muhim yönaliş — qirol Abdulla II ning terrorizm va ekstremizmga qarşi «Aqaba jarayoni» taşabbusi.

Köp vektorli siyosat yuritayotgan Toşkent uçun Yaqin Şarqda işonçli şerik orttiriş, musulmon davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlaş muhim. Mirziyoyevning Amman taşrifi şu yöldagi navbatdagi qadam böldi.

Teglar:
×