23-oktabr, chorshanba kuni Yunusobod tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga egalik huquqini e’tirof etish bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqarib berish evaziga 5 000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
Keyinroq ayrim internet nashrlarda hokim o‘rinbosarining uyini tintuv qilish chog‘ida 1,5 million dollar naqd pul va Maldiv orollariga ikkita aviachipta topilgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “Daryo”ga ushbu holat yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan Yunusobod tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Erkin Zohidovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ish hujjatlariga ko‘ra, Erkin Zohidov 10-oktabr kuni soat 21:00 larda o‘z xizmat xonasida fuqaro R.Mamatqulovdan pora tariqasida 5 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag‘larini olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan.
Shu bilan birga, Erkin Zohidovning xizmat xonasi ko‘zdan kechirish jarayonida uning ish stoli tortmasidan 5 ming AQSh dollari hamda o‘zining nomiga “Toshkent—Istanbul” yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta “bron” qilinganligini tasdiqlovchi hujjat aniqlanib, bayonnoma asosida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Departament tomonidan 11-oktabr kuni Erkin Zohidovga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini davom ettirish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
12-oktabr kuni Erkin Zohidov JKning 210-moddasi 2-qismi “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, ushlangan.
E.Zohidovning uyidan 1,5 million AQSh dollari va Maldiv orollariga aviachipta topilmagan, deyiladi xabarda.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2018-yilning sentabr oyida Yunusobod tumanining o‘sha paytdagi hokimi Baxtiyor Abdusamatov pora olish vaqtida qo‘lga tushirildi, u yer uchastkalarini ajratish bo‘yicha pora olganlikda ayblandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 13-maydagi hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Abdusamatovga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Тасодифий хабарлар
“Mening fikrim” порталига “тонировка” масаласида мурожаат йўлланди
"Ласетти" уриб юборган лейтенантни тасвирга олган "оператор"га чора кўрилади
Икки хонанда судлашмайдиган бўлди
Наманганда уй портлаб кетди: бутун оила жароҳат олди
Шавкат Мирзиёев Озарбойжонга жўнаб кетди