AQSh Turkiyaning Suriya shimolidagi harakatlarida ishtirok etmaydi

AQSh Turkiyaning Suriya shimolidagi harakatlarida ishtirok etmaydi

Oq uy AQSh harbiy kuchlari Turkiyaning Suriya shimolida o‘tkazayotgan harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlamasligi va ularda ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, rasmiy Vashington hududda asirga olingan IShID jangarilari uchun mas’uliyat endi Anqarada ekanini qayd etgan. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

“Turkiya yaqin orada Suriya shimolida anchadan buyon rejalashtirib yurgan harbiy harakatlarini amalga oshiradi. AQSh harbiy kuchlari ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlamaydi yoki ularda ishtirok etmaydi. IShID halifaligini yenggan AQSh kuchlari ham ushbu harbiy harakatlar hududidan uzoqda bo‘ladi”,— deyilgan AQSh prezidenti administratsiyasining bayonotida.

Oq uy bayonotida endi oxirgi ikki yil ichida asirga olingan IShID jangarilari uchun mas’uliyat Turkiya ixtiyorida bo‘lishi ham ta’kidlangan.

Avval Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya bilan chegara hududiga qo‘shimcha harbiy kuchlar yuborilishini va Frot daryosi sharqiga yaqin hududda harbiy harakatlarni amalga oshirilishi yuzasidan tayyorgarlik yakuniga yetganiligini ma’lum qilgan.

Turkiya prezidenti Frot daryosining sharqiy tomonidagi yerlar yuzasidan rejalar haqida avgustda e’lon qilgan. O‘shanda Suriya shimolida xavfsiz hudud tuzish bo‘yicha Turkiya—Amerika muzokaralari ham o‘tkazilgandi, kelishuvlarga ko‘ra iki tomon maslahatlashuv kengashi tuzib rejalashtirilgan hududda qo‘shma operatsiyalarni amalga oshirishni kelishib olgandi. Erdo‘g‘on muzokaralar vaqtida agar Vashington xavfsiz zona shakllantirilishini kechiktirsa, Anqara Suriyadagi hududni boshqarayotgan kurtlarga qarshi harbiy operatsiya boshlashini bildirgan. 1-oktabrda turk yetakchisi Anqara xavfsiz hududni hech bir davlat yordamisiz mustaqil tarzda tuzishini ta’kidladi. Suriya TIV rahbari Valid Muallim esa Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida AQSh va Turkiya rejalarining xalqaro huquq me’yorlariga zid ekanligini aytgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

×