DXX Haj ziyoratidan qaytganlar so‘roq qilinayotgani bo‘yicha tarqalgan xabarga munosabat bildirdi

DXX Haj ziyoratidan qaytganlar so‘roq qilinayotgani bo‘yicha tarqalgan xabarga munosabat bildirdi

29-avgust kuni “Ozodlik” radiosi o‘zbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga qaytganida, Toshkent xalqaro aeroportida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bir necha soat davomida so‘roq qilingani, ularning pasportlari olib qo‘yilgani haqida xabar tarqatdi. Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati shunday mazmundagi xabarlarni rad etuvchi dalillarni keltirdi, deb xabar beradi “Kun.uz”.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yil kuzida Toshkentda ochilgan Let’s fly travel MChJ o‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistoniga noqonuniy yo‘llar orqali jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan.

O‘zbekistonga qaytgan ziyoratchilarni so‘roq qilish davomida 10 dan ortiq kishi Saudiya Arabistoniga borish uchun xorijiy davlat pasportidan foydalanilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlashgan. Surishtiruv tadbirlari 1 soatdan ortiq davom etmagan (soat 17:20 dan soat 18:10 gacha), buni ularning aeroportda kutib turgan qarindoshlari ham tasdiqlaydi. Shu bilan birgalikda, ularning go‘yoki Saudiya Arabistoni davlat chegarasini bosib o‘tganini tasdiqlash uchun soxta shtamplar bosilgan O‘zbekiston fuqaroligi to‘g‘risidagi pasportlari protsessual tartibda olingan.

Taqdim qilingan videoda ko‘rish mumkinki, so‘roq qilingan ziyoratchilardan biri ularga “qizil pasport” berilgani haqida gapirgan.

Aniqlanishicha, Let’s fly travel MChJ 2018-yilning noyabrida Saudiya Arabistoniga “umra” ziyorati uchun 10 kishidan iborat “hojilar guruhi”ning ilk partiyasini jo‘natgan. Keyinroq ushbu uyushgan jinoiy guruh O‘zbekiston fuqarolarini haj ziyorati uchun ommaviy jo‘natish kanalini yo‘lga qo‘ygan, bunda xorijiy davlatning soxta pasportlaridan foydalanilgan. Natijada, 2019-yilning iyun—iyul oylarida uyushgan jinoiy guruhga hech qanday moliyaviy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Saudiya Arabistoniga safar uchun o‘rtacha 10 ming dollardan to‘lagan 40 nafardan ortiq kishidan iborat guruh shakllantirilgan. Bu pullarning bir qismi, 5 ming dollarlik partiyalar xorijga uyushgan jinoiy guruhga yetkazish uchun ziyoratchilarning o‘zlari tomonidan olib chiqilgan, bu guruh a’zolarining ayrimlari diniy-ekstremistik tuzilmalarga aloqadorligi gumon qilinmoqda.

O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, Let’s fly travel MChJ turistik xizmatlar ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega emas.

Asosan Misrdagi shubhali diniy markazlar bitiruvchilari bo‘lgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari o‘z xizmatlarini reklama qilish uchun Telegram messenjerida “Haj va umra” nomli kanal ochgan va u yerda Let’s fly travel MJCh orqali Saudiyaga borgan O‘zbekiston fuqarolarining haj qilish jarayoniga oid video va fotomateriallarni joylashtirib borgan. Ziyoratchilar Saudiyada bo‘lishi vaqtida tibbiy va boshqa xizmatlar bilan ta’minlanmagan, ularning xavfsizligi kafolatlanmagan.

Firma joylashgan bino tintuv qilinganda ashyoviy dalil sifatida 55 ming AQSh dollari va O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga jo‘natilganini tasdiqlovchi boshqa materiallar, jumladan, moliyaviy operatsiyalar tafsilotlari ko‘rsatilgan “buxgalteriya qoralamalari”, shuningdek Saudiya Arabistoni va Misrda nashr qilingan shubhali diniy adabiyotlar musodara qilingan.

“Agar bu fuqarolar O‘zbekiston hududidan tashqarida soxta pasportlar bilan qo‘lga tushganida ular o‘sha davlat qonunlari bo‘yicha javobgarlikka tortilar va haj amalini ado etolmas edi. Saudiya Arabistonida pasportlar soxtaligi uchun ziyoratchilar favqulodda vaziyatga tushib qolishganida qandaydir qo‘llab-quvvatlovsiz qolgan bo‘lishardi. ‘Ozodlik’ radiosi esa yana bir marta yolg‘on ma’lumot tarqatib, bu orqali jamoatchilikni chalg‘itishga, ommaviy axborot vositalarini obro‘sizlantirishga urindi”, — deyiladi DXX ma’lumotnomasida.

28-avgust kuni Let’s fly travel MChJ mas’ul shaxslari — transmilliy uyushgan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

×