Namanganda “Pop savdo markazi”ni qurgan tadbirkorga “tosh otilmoqda”

Namanganda “Pop savdo markazi”ni qurgan tadbirkorga “tosh otilmoqda”

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Pop tumanida tadbirkor Sardor Rahmonov tomonidan amalga oshirilgan ishlarni qoralashga qaratilgan chiqishlar paydo bo‘ldi. Ismi sharifi Shohruxbek bo‘lgan foydalanuvchi tadbirkor qilgan ishlari bilan go‘yoki odamlarga, boshqa tadbirkorlarga jabr yetkazdi, degan iddaoni ilgari surgan.

Foto: O‘zA

O‘zAning yozishicha, Pop tumanida 2019-yilda qurilishi tugallanib, ishga tushirilgan “Pop savdo markazi” tumandagi eski bozor o‘rnida emas, balki mutlaqo boshqa joyda qad rostladi. Markazning qurilishi uchun hech kimning yeri tortib olinmagan yoki uyi ham, do‘koni ham buzilmagan.

Foto: O‘zA

Ta’kidlanishicha, “Pop savdo markazi” qurilishidan oldin uning loyihasi Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi doirasida taqdimoti o‘tkazilgan. O‘shanda yosh tadbirkor Sardor Rahmonov Pop tumanida 15 gektar yerni qamrab oladigan zamonaviy savdo markazi va Ekologik park loyihasi haqida so‘zlab bergan.

Foto: O‘zA

“Pop savdo markazi” ushbu loyiha asosida qurilgan bo‘lib, tuman aholining ko‘plab hayotiy ehtiyojlarini qondiradigan zamonaviy majmuaga aylangan. Ungacha tumanda bunday yirik savdo majmuasi bo‘lmagan. Odamlar bozor-o‘char qilishda yozda chang, qishda loy bo‘lgan bozorga borib, o‘zi qiynalgani yetmaganday, mashinasini to‘xtatishga joy topolmay kelgan.

Foto: O‘zA

Shu sababli nafaqat oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, balki uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib kiyim-kechakkacha xarid qilish mumkin bo‘lgan, shu bilan birga barcha qulayliklarga ega obod bu markazning ochilishini aholi mamnunlik bilan kutib olgan.

Foto: O‘zA

Majmuaning o‘ziga xos tomoni – u faqat tijorat maqsadidagi savdo do‘konlaridan iborat emas. Bu yerda zamonaviy avtoturargoh, mehmonxona xizmati, eng e’tiborlisi, xalqimizga ayni damda eng muhim masalalarda xizmat ko‘rsatayotgan Davlat xizmatlari markazi ham shu yerda joylashgan.

Foto: O‘zA

Tadbirkor bu savdo markazini qurish uchun tinimsiz mehnat qilib, bankdan kredit olgan. Endi tadbirkor mehnatining samarasini qo‘rishi, olingan kreditni qaytarishi kerak. Biroq endi ish boshlagan majmua kimlargadir yoqmayotgani, tadbirkorga tosh otib, uni badnom qilishga urinish holatlari uchramoqda. Tadbirkorni “qoralash aksiyasi”da yosh tadbirkor kredit olib, juda ko‘p ish qilib yuborgani iddao qilingan.

×