Mansabdor şaxslarning qarorlari ustidan berilgan arizalar (şikoyatlar) böyiça davlat bojini tölaş va qaytariş tartibi

Mansabdor şaxslarning qarorlari ustidan berilgan arizalar (şikoyatlar) böyiça davlat bojini tölaş va qaytariş tartibi

Har qanday manfaatdor şaxs özining buzilgan yoki nizolaşilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qöriqlanadigan manfaatlarini himoya qiliş uçun maʼmuriy sudga murojaat qilişga haqli hisoblanadi.

Maʼmuriy işlar manfaatdor şaxslarning, prokurorning, davlat organlari va boşqa şaxslarning yuridik şaxslar va fuqarolarning huquqlari hamda qonun bilan qöriqlanadigan manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qiliş maqsadida kiritgan arizalari asosida qözğatadi.

Maʼmuriy sudlar tomonidan hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topiş va xatti-harakatlarini qonunga xilof deb topiş bilan boğliq nizolarni körib çiqiş yil sayin ortib bormoqda, nizolarni körişda Özbekiston Respublikasining “Davlat boji töğrisida”gi qonuniga köra, fuqarolar bazaviy hisoblaş miqdorining bir baravari, yuridik şaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan bazaviy hisoblaş miqdorining ön baravari miqdorda davlat boji töladi.

Davlat boji – sud harajati hisoblanib, sud harajatlari davlat boji va sud çiqimlaridan iborat. Özbekiston Respublikasining “Davlat boji töğrisida”gi Qonunida davlat bojini tölaş asoslari, miqdori va tartibi, uni tölaşni keçiktiriş yoki bölib-bölib tölaş, tölaşdan ozod qiliş tartibi, davlat bojini qaytariş tartibi belgilangan.

Sud çiqimlari esa sud xabarnomalari va sud hujjatlarini yuboriş bilan boğliq poçta xarajatlaridan, sud tayinlagan ekspertizani ötkaziş, guvohni çaqiriş, dalillarni joyida közdan keçiriş, sud majlisini videokonferentsaloqa rejimida ötkaziş bilan boğliq xarajatlardan, şuningdek işni köriş bilan boğliq boşqa xarajatlardan iboratdir.

Davlat bojini qaytariş sud xujjati asosida amalga oşiriladi. Sud hujjatida davlat bojini töliq yoki qisman qaytariş uçun asos böladigan holatlar körsatiladi.

Davlat boji tölangan, lekin sudga kelib tuşmagan yoki uşbu sud qaytargan arizalar (şikoyatlar), apellyatsiya, kassatsiya şikoyatlariga doir davlat bojlari hamda bojni töliq yoki qisman qaytariş nazarda tutiladigan sud hujjatlariga doir sud tomonidan berilgan maʼlumotnomaga asosan qaytariladi.

Sud çiqimlaridan biri hisoblangan poçta xarajatlarining summasi sud tomonidan belgilanadi, biroq bu summa bazaviy hisoblaş miqdorining öndan bir qismidan oşmasligi kerak.

Poçta harajati bilan davlat boji bir-bir biridan farq qiladi. Poçta harajati qaçonki, arizaçi yanglişib tölagan taqdirda yoki sudga ariza bilan murojaat qilmoqçi bölgan, lekin murojaat qilişdan voz keçgan, yaʼni sudga arizasi kelib tuşmagan taqdirdagina sudning maʼlumotnomasi asosida qaytarib berilsa, davlat bojini qaytariş tartibi undan keskin farq qiladi.

Özbekiston Respublikasining “Davlat boji töğrisida”gi qonunining 18-moddasida davlat bojini qaytariş tartibi belgilangan.

Xususan, maʼmuriy sudlarda davlat boji: qonunçilikda talab qilinganidan ortiqça miqdorda tölanganida; sud arizani yoki şikoyatni qaytarganda yoki qabul qilişni rad etganda; apellyatsiya, kassatsiya şikoyati qaytarilganda yoki uni qabul qiliş rad etilganda; davlat boji tölangan ariza, şikoyat yoki apellyatsiya, kassatsiya şikoyati sudga kelib tuşmaganda; agar iş sudga taalluqli bölmasa, işni yuritiş tugatilganda; ariza körmasdan qoldirilganda, agar u muomalaga layoqatsiz şaxs tomonidan berilgan bölsa; sudning iş yurituvida ayni bir taraflar örtasidagi, ayni bir predmet töğrisidagi va ayni bir asoslar böyiça nizo yuzasidan iş mavjud bölsa, ariza körmasdan qoldirilganda; işda iştirok etgan şaxs vafot etganida, agar nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yöl qöymasa; agar işda iştirok etayotgan yuridik şaxs tugatilgan bölsa qaytariladi.

Biroq, Özbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud işlarini yuritiş töğrisidagi kodeksning 134-moddasi birinçi qismining 3-bandida ariza (şikoyat) imzolanmagan bölsa yoki uni imzolaş huquqiga ega bölmagan şaxs yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ism-şarifining boş harflari körsatilmagan şaxs tomonidan imzolangan bölsa qaytariş uçun asos hisoblanadi va bunday hollarda ariza va tölangan davlat boji töliq qaytarib beriladi, biroq agar sud muhokama jarayonida ariza (şikoyat) imzolanmaganligini yoki uni imzolaş huquqiga ega bölmagan şaxs tomonidan yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ism-şarifining boş harflari körsatilmagan şaxs tomonidan imzolanganlik holatini aniqlagan taqdirda bunday holatda ariza körmasdan qoldiriladi va davlat boji qaytarilmaydi.

Bundan taşqari, qonunda agar ariza muomalaga layoqatsiz şaxs tomonidan berilgan bölsa, sud arizani körmasdan qoldirganda davlat bojini qaytariş körsatilgan, biroq, maʼmuriy sudlarda arizani körmasdan qoldiriş asoslarida uşbu holat aks etmagan, faqatgina Maʼmuriy sud işlarini yuritiş töğrisidagi kodeksning 99-moddasida işda iştirok etuvçi şaxs bölgan fuqaro muomala layoqatini yöqotganda muomalaga layoqatsiz şaxsga vakil tayinganguniga qadar iş yuritiş töxtatiladi. Ariza muomolaga layoqatsiz şaxs tomonidan berilgan taqdirda-çi? Bunday hollarda arizani körmasdan qoldiriş yoki tugatiş tartibi Özbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud işlarini yuritiş töğrisidagi kodeksida belgilanmagan. Özbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 122-moddasi birinçi qismining 1-bandida ariza muomalaga layoqatsiz şaxs tomonidan berilgan bölsa, arizani körmasdan qoldiriş tartibi belgilangan.

Özbekiston Respublikasining “Davlat boji töğrisida”gi Qonuning 18-moddasi birinçi qismining 6-bandida ariza körmasdan qoldirilganda, agar u muomalaga layoqatsiz şaxs tomonidan berilgan bölsa davlat bojini qaytarişga asos bölişi körsatilgan.

Davlat boji summalarini qaytariş tölovçining yozma arizasiga binoan yoki sudning hal qiluv qarorlari asosida amalga oşiriladi. Davlat boji summasini qaytariş uçun arizaçi davlat bojini undirgan tegişli davlat organiga yoki taşkilotga murojaat qilişi kerak. Davlat bojini undirgan davlat organi yoki taşkilotning rahbari uni qaytariş qonuniyligini tasdiqlagan taqdirda, davlat organi yoki taşkilot va davlat bojining boşqa oluvçilari ilgari öz hisobvaraqlariga ötkazilgan davlat boji summalarining tegişli qismlarini tölovçining yozma arizasi olingan kundan eʼtiboran beş kun içida yoki sud hujjatlari asosida qaytaradi. Öz navbatida davlat organi yoki taşkilot qaytarilişi lozim bölgan, ilgari Özbekiston Respublikasining Davlat byudjeti daromadiga ötkazilgan davlat boji summasining bir qismini qaytariş töğrisida davlat soliq xizmati organiga yozma şaklda xabar yuboradi.

Özbekiston Respublikasining Davlat byudjeti daromadiga ötkazilgan davlat bojini qaytariş töğrisidagi qaror soliq organi tomonidan davlat organi yoki taşkilotning tegişli xabarnomasi olingan kundan eʼtiboran ön kun içida qabul qilinadi. Davlat bojini qaytariş töğrisida qaror qabul qilingan taqdirda soliq organi davlat bojini tölovçiga qaytarişni amalga oşiriş uçun Özbekiston Respublikasining Ğaznaçiligiga qaytariş töğrisida tegişli topşiriqnoma yuboradi.

Maʼmuriy sudlarda mansabdor şaxslarning qarorlari ustidan ariza yoki şikoyat berganlik uçun davlat bojini tölaş va qaytariş tartibini takomillaştiriş böyiça quyidagi takliflarni keltirib ötmoqçiman.

Özbekiston Respublikasining “Davlat boji töğrisida”gi qonunining 18-moddasini quyidagi tahrirdagi qöşimça bilan töldirişni:

18-modda. Davlat bojini qaytariş tartibi

Davlat boji quyidagi hollarda töliq yoki qisman qaytarilişi kerak:

71) ariza (şikoyat) imzolanmagan bölsa yoki uni imzolaş huquqiga ega bölmagan şaxs tomonidan yoxud mansab mavqei yoki familiyasi,                     ism-şarifining boş harflari körsatilmagan şaxs tomonidan imzolangan bölsa ariza körmasdan qoldirilganda.

Çunki, Özbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud işlarini yuritiş töğrisidagi kodeksning 134-moddasi birinçi qismining 3-bandiga köra, ariza (şikoyat) imzolanmagan bölsa yoki uni imzolaş huquqiga ega bölmagan şaxs yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ism-şarifining boş harflari körsatilmagan şaxs tomonidan imzolangan bölsa sudya arizani qaytariş bilan bir vaqtda tölangan davlat bojini ham qaytaradi, agar ariza iş yurituviga olinib, arizani sud muhokamasida köriş jarayonida arizani imzolanmaganligini yoki uni imzolaş huquqiga ega bölmagan şaxs yoxud mansab mavqei yoki familiyasi, ism-şarifining boş harflari körsatilmagan şaxs tomonidan imzolanganligini aniqlansa esa arizani körmasdan qoldiradi.

Özbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud işlarini yuritiş töğrisidagi kodeksning 107-moddasiga köra, arizani (şikoyatni) körmasdan qoldiriş uçun asos bölib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilganidan keyin arizaçi sudga ariza (şikoyat) bilan umumiy tartibda yangidan murojaat qilişga haqli.

Namangan viloyati Namangan tumanlararo
maʼmuriy sudining sudyasi Nozimaxon Tojiyeva

×