Özbekistonga keladigan investorlar avval “gazing, suving, “svet”ing bormi, aeroportlaring işlab turibdimi, korruptsiya jilovlanganmi”, deb söraydi. Bu haqda Özbekiston Prezidenti Şavkat Mirziyoyev Qoraqalpoğistonning Beruniy tumanidagi uçraşuv çoğida maʼlum qildi.
Prezidentga köra, Taxiatoş elektrostantsiyasi 65 yil avval qurilgan, bugungi kun talablariga javob bera olmaydi. Şuning uçun borlarining quvvatini oşirib boriş bilan birga, yangi va innovatsion quvvatlarni ham yölga qöyyapti.
“Bizga keladigan investorlar avval söraydi – gazing, suving, sveting bormi, aeroportlaring işlab turibdimi, korruptsiya jilovlanganmi, deydi. Biz bunga munosib javob berişimiz kerak. Navoiyda quyoş elektr stantsiyasini qurdik, endi navbat şamol energiyasiga, buni ham bajaramiz. Agar bu loyiha töliq işga tuşsa, 110 ming aholi elektr energiyasi bilan taʼminlanadi. Hozir Qoraqalpoğistonda hamma rahbarlar işlayapti. Birorta tuman eʼtibordan çetda qolmaydi. Maqsadimiz - hudud iqtisodiyotini, salohiyatini ikki barobar oşiriş” deydi Şavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbarining taʼkidlanişiça, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi 20ga yaqin yetakçi kompaniyalar örtasida ötgan tanlovda 1 kilovatt soat elektr energiyasi uçun 2,57 AQŞ tsenti tarif taklifi bilan ğolib deb topilgan. Bu ham adolat, raqobatdir.
Qayd etilişiça, “ACWA Power” kompaniyasi 100 MVt quvvatli yangi şamol elektr stantsiyasini quradi. Mazkur elektr stantsiya 2 yil içida, yaʼni 2024 yilda işga tuşiriladi.









