Samarqand viloyati, Urgut tumani, Beshkapa mahallasidagi 47-umumta’lim maktabida 11-sinf o‘quvchilarining sochini maktab direktori o‘rinbosari Sh.O. majburlab oldirganligi haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev surishtiruv olib bordi.
O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 27-sentabr kuni uchinchi darsi vaqtida Sh.O. o‘quvchilar odob-axloq qoidalariga rioya qilayotganliklarini o‘rganish maqsadida 11-sinf xonasiga kirgan.
Direktor o‘rinbosari o‘quv yilining boshida ushbu sinf o‘quvchilari bilan uchrashib, tartib-intizomga rioya etmagan, sochi o‘sib ketgan va tozalikka amal qilmagan o‘quvchilarni ogohlantirib, ularga o‘zlarini tartibga solib olishi uchun ikki hafta muhlat bergan. Biroq shunday bo‘lsa-da, voqea sodir bo‘lgan kunga qadar maktabning 11-sinf o‘quvchisi O.X. sochini oldirmagan.
O‘quvchi O.X. bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida direktor o‘rinbosari uni bir necha bor sochini olib kelishini aytib, ogohlantirganligini bildirdi. U boshqa biror o‘quvchining sochi oldirmaganligi, ijtimoiy tarmoqlarda 4 nafar o‘quvchining sochi olindi, deb tarqalgan xabar noto‘g‘ri ekanligini ta’kidladi.
“O‘qituvchi meni bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan, sochimni oldirmadim. Shu sababli ham u kishi sochimni ozgina kesib qo‘ydi. Shundan so‘ng sartaroshxonaga borib, sochimni oldirish jarayonida ulardan suratga olib qo‘yishini aytdim. Sochimning holatini jahl ustida ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubordim. To‘g‘risi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan suratlar sabab bunday holat yuzaga kelishini kutmagandim. Mening hech kimga e’tirozim yo‘q. O‘qituvchilarimni hurmat qilaman. Ularning kasb bayrami oldidan bunday holga solib qo‘yganim uchun o‘zim xijolatdaman. Buning uchun ulardan uzr so‘rayman”, — deydi 11-sinf o‘quvchisi O.X.
Maktab direktori o‘rinbosari Sh.O. bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida haqiqatda o‘quv yili boshlanishi bilan o‘quvchilarning o‘zini tutishi, kiyinishi, odob-axloqiga e’tibor qaratganini bildirgan. Xususan, direktor o‘rinbosari va 11-“A” sinf o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida belgilangan muddat ichida o‘quvchilar sochini talab bo‘yicha oldirmasa, o‘zi olib tashlashini aytgan. O‘quvchilar bunga rozi bo‘lgan.
“Men o‘quvchilar tozalikka rioya qilishini istayman. Har bir o‘quvchi maktabga mos ravishda kiyinishi lozim. Bu hol bo‘lishidan avval hamma o‘quvchilar bilan gaplashib ularni ogohlantirganman. O‘quvchilar o‘zlari bunga rozi bo‘lishgan”, — deydi direktor o‘rinbosari Sh.O.
11-“A” sinf o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida ular ham O.X.ning sochi o‘sganligi uchun faqat uning sochi olinganligini ta’kidladi. O‘qituvchi boshqa hech qaysi o‘quvchining sochini olmaganligini bildirdi. Qolaversa, o‘qituvchi o‘quvchiga nisbatan hech qanday vahshiylik qilmagan. Bor-yo‘g‘i sochi ikki joyidan olingan, xolos. Ijtimoiy tarmoqlar holatni bo‘rttirib talqin qilingan.
“Ayrim saytlarda holatni bosti-bosti qilish uchun harakat qilganligim to‘g‘risida turli gap-so‘zlar tarqaldi. Biroq tarqalgan xabarlar hech qanday asosga ega emas. Boisi viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tarkibida jurnalistlar ham bo‘lib, mazkur holat bevosita ularning ishtirokida o‘rganib chiqildi. Bevosita ishchi guruhi ishtirokida maktab o‘qituvchilari bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Yig‘ilishda yuqorida qayd etilgan holat atroflicha muhokama qilindi. Qolaversa, menga voqea yuzasidan rasmiy izoh olish uchun hech qaysi jurnalist qo‘ng‘iroq qilmagan”, — deydi Urgut tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri G‘ayrat Abdiyev.
Ayrim internet nashrlarida vahshiylikda ayblangan o‘qituvchi ishdan olinganligi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Biroq surishtiruvimiz davomida ushbu holat o‘quvchini tartibga solish, maktab qoidalariga rioya qilish maqsadida amalga oshirilganligi aniqlandi. Samarqand viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan mazkur holat boshqa takrorlanmasligi uchun o‘qituvchiga ogohlantirish berilgan.
Manba: Daryo uz
Тасодифий хабарлар
Андижонлик «Абдуллоҳ иши». Вазир инкор этди, бошқалар индамади
Эртага айрим ҳудудларда ҳарорат 42 даражагача кўтарилади
Месси "ПСЖ" билан янги шартнома тузиши мумкин
«Макрон ўт билан ўйнашмоқда» — Россия Ташқи ишлар вазирлиги кескин баёнот берди
Вазият ўзгармоқда! Месси "Барселона"да қолиши мумкин