Jirinovskiy: Belarus va Ukraina Rossiyaning tarkibiga kirishi kerak

Jirinovskiy: Belarus va Ukraina Rossiyaning tarkibiga kirishi kerak

Rossiya dumasining deputati Vladimir Jirinovskiy Ukraina va Belarus Rossiyaga qo‘shilib, yagona davlatga aylanishi kerakligini aytdi. Shu bilan birga millatlarning tili saqlanib qolinishi mumkinligini ham yoqladi.

Rossiya davlat dumasi deputati Vladimir Jirinovskiy o‘zining Telegram kanalida Belarus va Ukraina Rossiya bilan bitta davlatga aylansa rivojlanishini yozdi.

“Hammamizning o‘zagimiz bir – Rus”

“Rossiya va Belarusni allaqachon yagona davlat sifatida birlashtirish vaqti keldi. Biz bir davlatga aylansak, Belarus yana gullab-yashnaydi. Odamlarning erkin harakatlanishiga imkon beraylik, yevrodan kuchliroq bo‘ladigan yagona rublni beraylik, chunki u katta resurs bilan ta’minlanadi. Ukraina bilan ham shunday. Axir Rossiya tarixda Buyuk Rossiya va Kichik Rossiyadan iborat bo‘lgan. Uning o‘zagi bir xil narsa – Rus. Biz tarixan birga yashadik, hozir esa uni tiklasak bo‘ldi”, – deb yozadi siyosatchi.

Erkinlik cheklanmaydi

Shu bilan birga, u bir mamlakatda birlashgandan so‘ng, odamlarning erkinligi cheklanmasligi, bitta umumiy tilni saqlagan holda o‘z tillarida gaplashishlariga imkon berish kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Shuningdek, hech kim odamlarning erkini cheklamasligi kerak. Belarus tilida so‘zlashuvchilar, bemalol belaruscha so‘zlashsin. Ukrain tilida xohlashadimi? Marhamat! Milliy gazetalar, teatrlar, maktablar saqlanib qolishi kerak. Lekin umumiy tildan foydalanish qulayroq bo‘ladi. Sovet davrini yaxshi eslayman. U davrda rus bo‘lmaganlar ham rus tilida bemalol gapirgan. Masalan, tez-tez Abxaziyada bo‘laman. U yerda gruzinlar, abxazlar, ruslar, estonlar, armanlar yashaydi va o‘zaro rus tilida gaplashadi. 5 ta tilni o‘rganmaydi-ku. Millatini ko‘rsatishni esa umuman hojati yo‘q. Biz shunchaki bir mamlakat fuqarosi bo‘lamiz”, – yozadi Jirinovskiy.

×