O‘zbekiston musulmonlari idorasi: Alloh “rahbar qilib qo‘ydim” degan erkakning “kuyov salomi” musulmonlar uchun musibat

O‘zbekiston musulmonlari idorasi: Alloh “rahbar qilib qo‘ydim” degan erkakning “kuyov salomi” musulmonlar uchun musibat

Ayni kunlarda internet tarmog‘ida aylanayotgan bir videolavha hammaning diqqatini tortdi — “Kuyov salom”. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu vaziyatga e’tibor qaratgan.

Oila rahbarligi bobida Alloh erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi o‘zining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari bo‘lishga mos yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yo‘ldagi barcha harakatlar ham erkak kishi zimmasida. Xo‘sh, bugun hatto kelinlarga ulamolar tomonidan man etilib, qaytarilgan to‘ydagi egilib salom berishni, Alloh “rahbar qilib qo‘ydim” degan erkak o‘ziga ravo ko‘rib, suzilib, yetti bukilib, mehr bilan qilayotgan bu sharmandali egilishlari musulmonlar uchun musibat emasmi?

To‘ylardagi egilib salom berish

Avvalo, shariatimiz qo‘l berib ko‘rishishga ruxsat bergan. Alloh taoloning ibodatini qilayotgan holatdagi ko‘rinishlardan: ruku, sajda kabi harakatlarni Alloh taolodan o‘zgalar oldida qilishdan qaytargan. Demak, insonning insonga ikrom niyatida qilgan ta’zimi insonning Allohga qiladigan ibodat ta’zimi suratida bo‘lmasligi kerak.

Hozirgi kunimizda ham o‘zbeklarning odatlariga qo‘shilib ketgan ba’zi bir urflar bor. Masalan, “kelin salom”dagi kelinning boshqalarga ta’zim qilishi ham xuddi namozda Alloh taologa ruku qiladigan darajada egilishga o‘xshaydi. Kelinning boshqalarga ta’zim shaklidagi salomi xalqimning chiroyli va o‘ziga xos odatlaridan bo‘lsa-da, ta’zimda ruku darajasigacha egilmaslikka e’tibor qaratish, shart!

Aslida kelin salomning o‘zi ham bid’atlardan biri. Bu haqda fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ham o‘zlarining “Zikr ahlidan so‘rang” kitoblarida shunday bayon qilganlar: “Hozirgi kundagi bizning urfimizga kirgan kelin salomlar harom amal hisoblanadi. Shunga majbur qilayotganlar haromga targ‘ib qilish va majbur qilish hisoblanadi. Gap bu yerda salom berishda emas, balki Allohga ruku qilgandek bandalarga ruku qilishda. Alloh bandalarini O‘ziga ibodat deb belgilagan ishlarni, masalan, sajda, qurbonlik va hokazolarni bandalari uchun qilishni harom qilgan!”

Demak, xoh ayol, xoh erkak bo‘lsin, insonning nafaqat to‘yda, balki hayotiy faoliyati davomida ham o‘zgalarga ta’zim qilib salom berishi mutlaqo mumkin emas.

Ayolshoda erkaklar

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga taqlid qiluvchi ayollarni la’natladilar” (Buxoriy, Abu Dovud rivoyati).

Xo‘sh, “kuyov salom”lardagi erkaklar o‘zlarini ayollarga o‘xshatishmayaptimi? Axir, noto‘g‘ri bo‘lsa-da bugungacha faqat kelin salomlarnigina guvohi bo‘lar edik-ku? Bu shovvozlar yangilik qilaman deb, bilib-bilmay Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning la’natlariga uchrab qolmayaptimikan?

Ta’magir kuyov

Dinimizda oila rahbarligi Alloh tomonidan erkak kishi zimmasiga yuklatilgani haqida ta’kidlab o‘tildi. Kuyov bo‘lmish nikohdan so‘ng ayoli va farzandlarining to‘liq moddiy-ma’naviy ta’minotini qilishi shart. Shunday mas’uliyatni bo‘yniga oladigan yigitning to‘yi kuni qaynotasiga, qaynonasiga, amakisiga, tog‘asiga takror va takror to “sovg‘a” olmagunicha egilib-bukilib salom berishi ta’magirlikning o‘zginasi emasmi?! Bundaylarning kelajakda xotinga qaram bo‘lib, qaynotaning puliga ko‘z tikmasligiga kim kafolat beradi? Afsuski, bugun shunaqa toifadagi “kuyov”lar ko‘payib ketdi.

Qolaversa, aqlli, es-hushi joyida ota-ona “kuyov salom” qilayotgan yigitga hurmat bilan qararmikan? Bora-bora mazkur holat kuyov tomonning kelin tomon oldida beobro‘ bo‘lishiga olib kelishi tayin.

Or-nomusi o‘zidan ustun, iymoni jonidan aziz bo‘lgan musulmon, o‘zbek o‘g‘lonlari boshida do‘ppi bilan, qo‘li ko‘ksida, nozu-karashmalar ila “kuyov salom” qilib tursa. Yoshi bir joyga borgan, 3-4 ta bolaning otasi bo‘lgan erkak, “kuyov salom”ni xuddi kelin yangalardek kuylab tursa.

Qadamidan o‘t chaqnaydigan nordek yigit kuyovning yonida “dugona”sini egiltirib-egiltirib salom qildirsa. Soqoli ko‘ksiga tegadigan otaxonlar esa bu holatdan mamnun va xursand bo‘lib “kuyov salom”larni qabul qilishsa.

Mo‘min-musulmonlar, o‘zbekman deb ko‘ksiga urayotganlar ushbu andishasiz, uyatsizlarning qilayotgan behayoliklarini qaytarish o‘rniga, telefonlariga tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyoga tarqatsa.

Nahotki muslima qizlar shunday yigitlarga hayotini, or-nomusini ishonib topshirsa?

“Hurmatli erkakligidan faxrlanadigan yigitlar! O‘zingizga berilgan martaba va darajani aslo balchiqqa bulg‘amang. Erkakligingizcha qoling! Nikohning ilk kunlaridanoq yangi kelin oldidagi hurmatingizni yo‘qotmang! O‘zingizga va ahlingizga musibatni sotib olmang!” — deyiladi maqolada.

Теглар:
×