Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy taʼlim taşkilotlariga Hindiston hamda Bangladeş fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik böyiça oğzaki körsatma berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq uşbu maʼlumot haqiqatga töğri kelmaydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati raddiya eʼlon qildi.
Qayd etilişiça, joriy öquv yilidan boşlab xorijlik abituriyentlarni Özbekiston oliy taʼlim taşkilotlariga qabul qiliş jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oşirilmoqda. Platforma xorijlik abituriyentlarga Özbekistondagi oliy taʼlim taşkilotlari, taʼlim dasturlari, qabul şartlari va tölov miqdorlari haqida yagona manba orqali maʼlumot oliş, hujjatlarni elektron tarzda topşiriş va ariza holatini kuzatiş imkonini beradi.
“Yangi tizimning asosiy maqsadi – xorijlik abituriyentlar uçun qabul jarayonini yanada oçiq va şaffof qiliş, ularni turli vositaçilarga boğliq holatdan çiqarib, oliy taʼlim taşkilotlari bilan töğridan-töğri muloqot qiliş imkoniyatini yaratişdir. Platformada röyxatdan ötiş bepul bölib, abituriyent tanlagan oliy taʼlim taşkilotiga bevosita ariza topşirişi mumkin”, deyiladi xabarda.
Bildirilişiça, şu bilan birga, Özbekiston xorijiy talabalar oqimini çeklaşdan emas, aksinça, uni kengaytirişdan manfaatdor. Bu borada asosiy maqsad xorijiy talabalar geografiyasini kengaytiriş, Özbekistonning taʼlim oliş uçun jozibador mamlakat sifatidagi imkoniyatlarini dunyoning turli davlatlarida keng tarğib qiliş va taʼlim eksportini barqaror rivojlantirişdan iborat.
Xorijiy talabalarni qabul qiliş hajmi esa har bir oliy taʼlim taşkilotining mavjud imkoniyatlaridan kelib çiqib oliy taʼlim taşkiloti tomonidan belgilanadi. Bunda taʼlim muassasasining öquv auditoriyalari, öquv-laboratoriya bazasi, professor-öqituvçilar salohiyati, talabalar turar joylari va boşqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.
Xorijlik abituriyentlarga Özbekistonda taʼlim oliş uçun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalaniş, qabul şartlari böyiça maʼlumotlarni bevosita tanlangan oliy taʼlim taşkilotidan oliş va turli vositaçilarga asossiz tölovlarni amalga oşirmaslik tavsiya etiladi. Agar xorijlik abituriyent qabul jarayonida muayyan muammoga duç kelsa, bu haqda platformadagi rasmiy murojaat kanallari orqali xabar berişi mumkin.
Milliy statistika qömitasi maʼlumotlariga köra, 2026 yilning yanvar-iyun oylarida 21 042 nafar çet el fuqarolari öqiş maqsadida Özbekistonga kelgan. Bu körsatkiç ötgan yilning mos davri bilan soliştirilganda 11,5 ming nafarga yoki 2,2 barobarga oşgan.
Mazkur davrda Özbekistonga öqiş maqsadida kelgan çet el fuqarolari soni mamlakatlar böyiça quyidagiça:
- Turkmaniston – 9 207 nafar;
- Hindiston – 3 723 nafar;
- Tojikiston – 1 915 nafar;
- Xitoy – 951 nafar;
- Qirğiz Respublikasi – 834 nafar;
- Pokiston – 689 nafar;
- Misr – 603 nafar;
- Koreya Respublikasi – 526 nafar;
- Filippin – 367 nafar;
- AQŞ – 302 nafar;
- Boşqa davlatlar – 1 925 nafar.









