Rossiya va Şimoliy Koreya Tumangan daryosi orqali ötuvçi birinçi avtomobil köprigini oçdi. Bu haqda Rossiyaning davlat agentligi TASS xabar berdi.
Bir kilometr uzunlikdagi ikki qatorli köprik ikki davlat örtasidagi strategik şeriklikni mustahkamlaşda muhim qadam sifatida baholanmoqda. U Rossiyaning Xasan şahri va Şimoliy Koreyaning Reson şahri yaqinidagi hududlarni boğlaydi.
Qayd etilişiça, köprikning oçiliş marosimida Rossiya Boş vaziri Mixail Mişustin va Şimoliy Koreya Boş vaziri Pak Txe Son videomuloqot orqali iştirok etgan. Mişustinning taʼkidlaşiça, yangi transport yölagi ikki davlat örtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnologik va madaniy hamkorlikni rivojlantirişga xizmat qiladi.
Yangi köprik mavjud temiryöl “Döstlik köprigi” yaqinida qurilgan. Uşbu temiryöl köprigi 1959 yilda işga tuşirilgan bölib, yangi avtomobil yöli Rossiya va Şimoliy Koreya örtasidagi transport aloqalarini kengaytiriş imkonini beradi.
Köprik qurilişi 2025 yil aprelida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning 2024 yilda Şimoliy Koreyaga taşrifi davomida erişilgan kelişuvlardan söng boşlangan.
Moskva va Pxenyan sönggi yillarda, xususan, Rossiyaning Ukrainadagi uruşi boşlanganidan keyin munosabatlarni sezilarli darajada çuqurlaştirdi. Yangi köprik ikki davlat örtasidagi iqtisodiy va logistika aloqalarini yanada kuçaytirişi kutilmoqda.









