Özbekistonda nodavlat taʼlimdan norozilar köpaymoqda

Özbekistonda nodavlat taʼlimdan norozilar köpaymoqda

Özbekistonda nodavlat taʼlim xizmatlari sohasida isteʼmolçilar murojaatlari köpaymoqda. Sönggi uç yilda taʼlimga oid murojaatlarning qariyb 96 foizi xususiy taʼlim taşkilotlari faoliyati bilan boğliq bölgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantiriş va isteʼmolçilar huquqlarini himoya qiliş qömitasi xabar berdi.

Maʼlumotlarga köra, uşbu davrda jami 103,5 mingta murojaat kelib tuşgan bölib, ularning 2 070 tasi taʼlim xizmatlariga taalluqli. Murojaatlarni örganiş natijasida isteʼmolçilar foydasiga qariyb 1 milliard sömga yaqin mablağ qayta hisob-kitob qilinişi taʼminlangan.

Qayd etilişiça, tahlillar davomida fuqarolarning asosiy eʼtirozlari nodavlat taʼlim taşkilotlarida xizmat körsatiş sifati va şartnoma munosabatlari bilan boğliq ekani aniqlangan.

Xususan, fuqarolar quyidagi holatlardan norozi bölgan:

  • taʼlim sifati talab darajasida emasligi;
  • amalda körsatilmagan xizmatlar uçun haq undirilişi;
  • şartnoma şartlari, tölov tartibi va mablağlarni qaytariş mexanizmlari haqida yetarli maʼlumot berilmasligi;
  • muddatli tölov asosida tuzilgan şartnomalarni bekor qilişdagi muammolar;
  • reklamada vaʼda qilingan xizmatlarning amalda bajarilmasligi.

Amaldagi qonunçilikda taʼlim sifati ustidan davlat nazorati belgilangan. Biroq nodavlat taʼlim xizmatlarini körsatiş jarayonini tartibga soluvçi aniq mexanizmlar va pullik taʼlim xizmatlarini körsatişning yagona qoidalari mavjud emasligi ayrim hollarda isteʼmolçilar huquqlari buzilişiga sabab bölmoqda.

Şu sababli, qömita xorijiy tajribani ham örgangan. Jumladan, Frantsiyada Qualiopi, Niderlandiyada NRTO va Şveytsariyada EduQua tizimlari orqali xususiy taʼlim xizmatlarining sifati baholanib, audit va sertifikatlaş amaliyoti yölga qöyilgan. Uşbu tizimlar taʼlim xizmatlari sifati, şaffoflik va isteʼmolçilar manfaatlarini taʼminlaşda muhim vosita sifatida qöllanilmoqda.

Örganişlar asosida Raqobat qömitasi nodavlat taʼlim xizmatlari bozorini takomillaştiriş böyiça bir qator takliflarni ilgari surgan.

Jumladan:

  • nodavlat taʼlim xizmatlari uçun ixtiyoriy sertifikatlaş tizimini joriy etiş;
  • nodavlat taʼlim taşkilotlari tomonidan pullik taʼlim xizmatlarini körsatiş qoidalarini işlab çiqiş va tasdiqlaş;
  • taʼlim xizmatlari körsatuvçi taşkilotlarning isteʼmolçilar bilan munosabatlariga qöyiladigan minimal talablarni belgilaş taklif qilinmoqda.

Qömita fikriça, uşbu takliflarning amalga oşirilişi taʼlim xizmatlari sifatini oşiriş, fuqarolarning huquqlarini işonçli himoya qiliş, sohada halol raqobat muhitini şakllantiriş va yagona şaffof tartiblarni joriy etişga xizmat qiladi.

Qayd etilişiça, Raqobat qömitasi mazkur takliflarni amalga oşiriş böyiça vakolatli davlat organlariga yuborgan. Şuningdek, sohadagi muammolarni bartaraf etiş maqsadida Taʼlim sifatini taʼminlaş milliy agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgaça va maktab taʼlimi vazirliklari bilan hamkorlik qilişga tayyorligini bildirgan.


Teglar:
×