Qirğiziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat hududidagi yerlar sotuvga qöyilmasligini, ulardan asosiy maqsad iqtisodiyot va xalq farovonligi uçun foydalaniş ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 21 iyul kuni özining Facebook’dagi sahifasida yozdi.
Davlat rahbariga köra, çegara masalalari hal etilganidan keyin Qirğiziston hududi 15 ming 572 gektarga köpaygan va hozir 20 mln 9 ming 572 gektarni taşkil etadi. Mamlakat hududining asosiy qismi – 94,4 foizi toğli hududlardan iborat.
Japarov investitsiya uçun ajratilayotgan yer maydonlari zavodlar, işlab çiqariş korxonalari, logistika markazlari, energetika hamda turizm obʼektlarini barpo etiş uçun möljallanganini bildirgan.
“Bu loyihalar orqali yuz millionlab, ayrim hollarda milliardlab dollar investitsiya jalb qilinişi va minglab iş örinlari yaratilişi kutilgan edi”, deydi Prezident.
Biroq u ayrim yer ijaraçilari 49 yillik şartnoma asosida olgan maydonlarida heç qanday quriliş işlarini boşlamaganini taʼkidlagan. Ayrim hollarda esa yerlar boşqa şaxslarga ötkazilgan yoki belgilangan maqsaddan taşqari işlatilgan.
Prezident bunday holatlarga çek qöyiş uçun qonunçilikni qayta körib çiqiş zarurligini aytgan. Unga köra, investorlar öz majburiyatlarini bajarmasa, şartnomalar bekor qilinib, yerlar davlat ixtiyoriga qaytarilişi mumkin.
“Biz yerlarimizni sotmaymiz. Ammo investitsiyalarsiz mamlakat rivojini taʼminlaş qiyin”, deydi Japarov.
U Qirğiziston hududining bir qariçi ham boşqa davlatga berilmasligini taʼkidlab, har bir yer maydoni mamlakat manfaatiga xizmat qilişi kerakligini bildirgan.
“Qirğizistonga sunʼiy nizolar emas, yangi zavodlar, iş örinlari, investitsiyalar va kuçli iqtisodiyot kerak”, deydi davlat rahbari.









