Ötgan 2025 yilning dekabr oyi oxiridan beri Eron poytaxti Tehronda mahalliy valyuta – eron riali qiymatining keskin pasayişi ortidan norozilik namoyişlari bölib ötmoqda va ayni tartibsizliklar avjiga çiqqan. Namoyişlar fonida Özbekiston Taşqi işlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burhonov vazirlik vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va namoyişlarda halok bölganlar orasida özbekistonliklar yöqligini maʼlum qildi.
Özbekiston Respublikasining Erondagi elçixonasi maʼlumotlariga köra, hozirga qadar namoyişlar davomida jabrlanganlar orasida mamlakat fuqarolari qayd etilmagan.
“Şu munosabat bilan, Eronda bölib turgan Özbekiston fuqarolaridan miting va namoyişlarda iştirok etmaslikni, odamlar köp töplanadigan joylardan yiroq bölişni hamda şaxsiy xavfsizlik çoralariga qatʼiy rioya etişni sörab qolamiz”, degan vazirlik matbuot xizmati.
Qöşimça qilinişiça, özbekistonliklar zarur hollarda mamlakatning Tehron şahridagi elçixonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilişi mumkin: +982122299780; +982122832025.
Eron hududida ommaviy norozilik namoyişlari ötgan yilning 28 dekabridan beri davom etmoqda. Dastlab ular oğir iqtisodiy vaziyat va milliy valyuta kursining keskin pasayişi sababli boşlangan, biroq tez orada siyosiy mazmun ham kasb etgan.
Nizolar fonida Qöşma Ştatlar öz fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etişga çaqirgan. Mamlakatdagi Amerika fuqarolari internetda keyingi uzilişlarga duç kelişi kutilmoqda. 13 yanvar kuni AQŞning Tehrondagi virtual elçixonasi veb-saytida joylaştirilgan xabarga köra, muqobil aloqa vositalarini oldindan körib çiqişlari kerak.
Şuningdek, amerikaliklarga Eronni Armaniston yoki Turkiya orqali quruqlik orqali tark etişni körib çiqiş tavsiya qilingan.









