Rossiyada terrorçilik harakatlari rekord darajada köpaydi

Rossiyada terrorçilik harakatlari rekord darajada köpaydi

Rossiyada 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida 4 467 ta “terrorçilik jinoyati” qayd etildi. Bu sönggi yillardagi eng yuqori körsatkiç sanaladi. Bu haqda Rossiya Içki işlar vazirligi hujjatlariga tayanib, TASS agentligi xabar berdi.

Keltirilişiça, 2025 yilning töqqiz oyida Rossiya Içki işlar vazirligi 4500 ga yaqin terrorçilik jinoyatini qayd etgan. Bu körsatgiç ötgan yilgi statistika bilan soliştirganda keskin ösganini körsatadi.

Taqqoslaş uçun, Rossiya Içki işlar vazirligi 2024 yilning şu davrida 2600 ta şunday jinoyatni qayd etgan. 2023 yilning yanvaridan sentyabriga qadar ularning soni 1713 tani taşkil etgan. 2022 yilning birinçi töqqiz oyida 1818 ta jinoiy harakatlar qayd etilgan.

Maʼlumotlarga köra, statistikaga nafaqat tayyorlangan yoki sodir etilgan terrorçilik harakatlari, balki terrorçilik faoliyatiga kömak beriş, ommaviy çaqiriqlar, moliyalaştiriş, garovga oliş, terrorçi guruh taşkil etiş va unga aʼzolik kabi holatlari ham kiritiladi.

Şuningdek, Rossiya Jinoyat kodeksida “ekstremistik xarakterdagi jinoyatlar” siyosiy, mafkuraviy, diniy yoki milliy adovat asosidagi harakatlar hamda ijtimoiy guruhlarga nisbatan nafrat uyğotişga qaratilgan jinoyatlarni öz içiga oladi.

Rossiyada har oy 300 kişi “terrorçi” va “ekstremist” deb eʼlon qilinadi. 2025 yil oktyabr oyi oxiriga kelib Rosfinmonitoringning “terrorçilar va ekstremistlar” reyestrida 18 771 kişi qayd etilgan.

Şuni alohida taʼkidlaş kerakki, Rossiya Ukrainaga qarşi uruş boşlagandan söng röyxatdagi şaxslar soni ikki baravar oşgan.

Eslatib ötamiz, avvalroq Rossiya Içki işlar vazirligining “qora röyxati”dan 160 mingga yaqin Özbekiston fuqarosi çiqarilganligi haqida xabar qilingandi.


Teglar:
×