Şavkat Mirziyoyev: Uşbu mamlakat kun sayin oğir gumanitar inqirozga kirib bormoqda

Şavkat Mirziyoyev: Uşbu mamlakat kun sayin oğir gumanitar inqirozga kirib bormoqda

Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Aşxobod şahrida ötgan Iqtisodiy hamkorlik taşkilotining (IHT) ön beşinçi sammiti işida iştirok etdi. Bu haqda davlat rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida ötgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alviy, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdoğan, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qirğiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, şuningdek, Qozoğiston Respublikasi Boş vaziri Asqar Mamin va IHT boş kotibi Husrav Noziriy ham iştirok etdi.

IHTni jadal rivojlanayotgan taşkilot sifatida mustahkamlaşga qaratilgan köp  tomonlama şeriklikni yanada kengaytiriş, unga aʼzo davlatlar örtasidagi hamkorlikni savdo, transport-kommunikatsiyaviy özaro boğliqlik, sanoat kooperatsiyasi, «yaşil» iqtisodiyot va turizm sohalarida rivojlantiriş masalalari yiğiliş kun tartibining asosiy mavzusi böldi.

Özbekiston rahbari sammitdagi nutqida Turkmanistonni taşkilotga samarali raislik qilgani bilan tabrikladi hamda joriy yil sentyabr oyida BMT Boş Assambleyasining Iqtisodiy hamkorlik taşkiloti bilan şeriklik töğrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilinganining muhim ahamiyatini qayd etdi.

«Tarixi, dini, urf-odat va anʼanalari yaqin bölgan birodar xalqlarimiz azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy riştalar bilan çambarças boğlangan. Iqtisodiy hamkorlik taşkiloti ötgan davr mobaynida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega yirik mintaqaviy tuzilmaga aylandi», – dedi Şavkat Mirziyoyev.

Mamlakat yetakçisi taşkilot doirasida keng qamrovli aloqalarni yanada rivojlantiriş tarafdori ekanini taʼkidladi.

Prezident xalqaro va mintaqaviy vaziyatga, davom etayotgan pandemiya şaroitidagi iqtisodiy qiyinçiliklarga eʼtibor qaratib, hamkorlikning ustuvor yönalişlari böyiça qator aniq takliflarni ilgari surdi.

«500 milliondan ortiq aholi yaşaydigan, ulkan bozorga ega bölgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan töliq foydalaniş zarur. Qabul qilingan «IHT istiqbollari – 2025» kontseptual dasturi asosida, mamlakatlarimiz örtasida savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini yanada kengaytiriş va eng muhimi, amaliy natijadorlikka erişiş maqsadga muvofiqdir», – dedi Özbekiston Prezidenti.

Şu munosabat bilan taşkilot doirasida yangilangan va keng qamrovli Savdo bitimini işlab çiqiş va qabul qiliş taklif qilindi. Mazkur hujjatda savdo tösiqlarini bartaraf etiş, bojxona tartiblarini raqamlaştiriş, hamda hozirgi vaqtda dolzarbligi tobora oşayotgan elektron savdoni keng tadbiq etiş masalalari öz ifodasini topişi zarur.

Mamlakatlarimizda özaro sarmoyalar oqimini köpaytiriş va ularni işonçli himoya qiliş, sanoat kooperatsiyasini çuqurlaştirişga qaratilgan Qöşma harakatlar dasturini qabul qiliş bugungi kun talabi ekani taʼkidlandi.

Özaro savdo hajmlarini oşiriş, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni işlab çiqiş va mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoşligini kuçaytiriş lozimligi körsatib ötildi.

Buning real mexanizmi sifatida Şavkat Mirziyoyev BMTning Sanoatni rivojlantiriş taşkiloti (YUNIDO) va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uçun (SPEKA) Maxsus dasturi bilan hamkorlikda Taşkilotimiz doirasida Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar markazini taşkil etiş hamda uning qarorgohini Toşkent şahrida joylaştirişni taklif qildi.

Yana bir muhim yönaliş – mintaqamizdagi mavjud transport yölaklaridan unumli foydalaniş va yangilarini yaratiş.

Davlatimiz rahbari mintaqalararo tranzit xablarini taşkil etiş, zamonaviy transport va yöl infratuzilmalarini rivojlantiriş, transport va tranzit tariflarini optimallaştiriş hamda qöşimça çegirmalarni taqdim etiş,  xalqaro yuk va yölovçi taşiş şartlarini yengillaştiriş,  transport sohasini raqamlaştiriş masalalariga aniq yeçimlar topiş muhim ekanini taʼkidladi.

Bu rejalarni röyobga çiqariş uçun mamlakatlarimizning transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantiriş va tranzit salohiyatini kengaytirişga qaratilgan mintaqaviy strategiyani işlab çiqiş maqsadga muvofiq.

Global iqlim kun tartibi tobora dolzarb bölib borayotganini hisobga olib, sammit «yaşil» iqtisodiyotga ötişni davom ettiriş masalalarini körib çiqdi. Yetakçilar bu borada faol hamkorlik qiliş, jumladan, uglerod neytralligiga erişiş uçun sanoat tarmoqlarida ekologik toza va resurstejamkor texnologiyalarni keng tatbiq etiş zarur ekanini taʼkidladilar.

Şu maqsadda Şavkat Mirziyoyev xalqaro ekolog olimlar va ekspertlar iştirokida yuqori darajadagi doimiy Muloqot kengaşini tuzişni taklif etdi.

Sayyohlik almaşinuvini qayta tiklaş muhimligini qayd etib, Özbekiston Prezidenti Buxoro şahrida 2022 yili bölib ötadigan turizm vazirlarining navbatdagi uçraşuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantiriş umummintaqaviy Dasturini qabul qiliş taşabbusini bildirdi. Uşbu taşabbus doirasida ziyorat turizmi» va boşqa qöşma sayyohlik mahsulotlarini işlab çiqiş, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytiriş, turizm infratuzilmasini rivojlantirişga jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Davlat rahbari qöşni Afğonistondagi vaziyat haqida alohida töxtalib ötdi.

«Uşbu mamlakat kun sayin oğir gumanitar inqirozga kirib bormoqda», – dedi Şavkat Mirziyoyev. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, yaqin qöşnilar yordamisiz afğon xalqi yakka holda bu qiyin sinovlardan öta olmaydi.

Şu bois afğon xalqiga zarur yordam körsatiş böyiça saʼy-harakatlarni birlaştiriş va umumiy yondaşuvlarni işlab çiqişimiz kerak.

Şuningdek, Afğoniston bilan mintaqaviy ahamiyatga ega bölgan yirik savdo, transport va energetika loyihalarini amalga oşiriş işlarini izçil davom ettiriş tarafdorimiz.

Sammitda Iqtisodiy hamkorlik taşkilotining xalqaro nufuzi va obrösini oşiriş, institutsional mexanizmlarini va yetakçi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligini rivojlantiriş masalalari ham muhokama qilindi.

Bu borada Özbekiston Prezidenti taşkilot faoliyatini yanada takomillaştiriş böyiça aniq taklif va tavsiyalar tayyorlaş uçun yuqori darajadagi Ekspertlar guruhini tuziş taşabbusini ilgari surdi.

Taşkilot doirasida muayyan sohani rivojlantiriş böyiça har yilga nom beriş anʼanasini joriy etiş taşabbusi bildirildi. Prezidentimiz IHTda 2022 yilni Özaro uzviy boğliqlikni mustahkamlaş yili, deb eʼlon qilişni taklif etdi.

Sammit yakunida Harakatlar uçun Aşxobod konsensusi imzolandi. Uşbu hujjat aʼzo mamlakatlarning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantiriş va mustahkamlaş borasidagi muhim ustuvor intilişlarini özida mujassam etdi.

Davlatlar va hukumatlar rahbarlari hamda taşkilot boş kotibi Özbekistonni 2022 yilda IHTga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladilar.

Prezident Şavkat Mirziyoyev şu munosabat bilan bildirilgan samimiy tilaklar uçun minnatdorçilik bildirib, uçraşuv iştirokçilarini Özbekistonda ötkaziladigan navbatdagi sammitga taklif qildi.

×