Özbekona römol öraş Islom diniga töğri keladimi?

Özbekona römol öraş Islom diniga töğri keladimi?

Xalqimiz ming yillardan beri Islom diniga eʼtiqod qilib keladi. Bu yillar davomida Islom dini va şariati qon-qonimizga singib ketgan desak mubolağa bölmaydi. Bu albatta kiyiniş madaniyatiga ham taʼsir etmay qolmagan. Yaqin ötmişimizda onalarimiz öragan paranji satri avrat taqvosining çöqqisi edi. Şöro hukumati davrida nafaqat tariximizga, madaniyatimizga, balki özligimizga ham tajovuz qilindi. Qattol tuzum avvalo onalarimiz boşidagi paranjiga yopişdi. Sababi milliyligimizning asosiy taşqi körinişi şu ayollarimizning paranjisiyu erkaklarimizning döppisida namoyon bölar edi. Şunda ham xalqimiz osonlikça taslim bölmadi. Aksar onalarimiz boşlaridagi römollarini saqlab qolişdi. Ana şuning uçun ham bugun öşa, boşni ortidan öralgan römol kuraşuvçan özbek ayollari ramzi, milliy kiyim sifatida körilayotgandir, bilmadim. Bugungi kunda ham aynan şu körinişda kiyinişga tarğib qilinmoqda. Yurtboşimiz Şavkat Miromonoviç ham sönggi nutqlarida ana şunday kiyinişni eʼtirof etib, bunday römol öraganlarni “Muqaddas özbek onasi timsoli” deb atab, “bunday kiyinişga heç kim heç qaçon qarşilik qilmaydi”, deb aytgan edilar.

Endi biz uçun eng asosiy savolga töxtalib ötsak: Bunday milliy libos şariatga töğri keladimi?

Buning uçun mazhabimizning eng möʼtabar fiqhiy matn kitobi “Muxtasar ul-viqoya”ga murojaat qilamiz.

  وعورة الرجل من تحت سرّته الى تحت ركبته والأمة هذا مع ظهرها وبطنها والحرّة كلّ بدنها الا الوجه والكفّ والقدم

Erkakning avrati kindigi ostidan tizzasi ostigaçadir. Çöriniki mana şu (kindik ostidan tizzasi ostigaça) orqa va qorni bilan birgadir. Hur ayolning avrati butun badanidir. Magar yuzi, kafti (böğimigaça) va qadami (töpiğigaça) avrat emas.

Bundan körinib turibdiki, ayol kişining avrati butun badani bölib, faqatgina yuzi, kafti (böğimigaça) va oyoği (töpiğigaça) bundan mustasno ekan. Yurtimizda badanni tösiş, soçni römol bilan berkitiş, töpiqqaça tuşib turuvçi uzun köylak kiyiş ayollarimiz uçun odatiy hol ekanini hisobga olsak, asosiy muammo bölib, boş qism, yaʼni yuz va böyin qismi qolmoqda. Matnda böyin haqida gap ketmagan bundan kelib çiqadiki, böyin avrat bölib yopilişi şart. Buni uzun yoqali köylaklar orqali amalga oşirsa böladi, inşaalloh. Ikkinçi masala yuz qismi bölib, uning miqdori peşanadagi soç çiqmaydigan joydan iyakkaça, ikki quloq orasi xisoblanadi. Bugungi urfda öralayotgan römollarda esa baʼzi yuz qismlari oçilib qolyapti. Baʼzi örinlarda esa iyakdagi soçning bir qismi ham körinib qolayapti. Bu esa satri avratning oçilib qolişi demakdir. Bunda römolni biroz pastroqdan örab, yoqasi uzun köylak bilan yuzning qolgan qismini yopiş zarur böladi.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib çiqib, milliy körinişdagi ayollar libosini maʼlum qismlarigina şarʼiy talablarga javob bermaydi. Uni yuqoridagi tavsiyalar orqali şarʼiy körinişga keltiriş mumkin, inşaalloh. Bunda römol va kiyimning rangi muhim emas. Lekin imkon qadar jimjimador, eʼtibor tortmaydigan ranglardan foydalaniş maqsadga muvofiq böladi.

Yana bir muhim eslatma: ayol kişining yuzi, oyoği va kafti avrat hisoblanmasa-da, unga zaruratsiz nazar solib bölmaydi. Nazar solganda esa şahvatdan xoli bölişi şart qilinadi.

Qudratulloh Ahmad

Manba: azon.uz

×