Qoraqalpoğistonda xorijlik kiberjinoyatçilar bilan til biriktirib, qariyb 250 nafar fuqaroning bank kartalaridan 3 mlrd sömga yaqin pulni öğirlagan uç nafar yoş qölga olindi. Bu haqda Qoraqalpoğiston Respublikasi Içki işlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarşi kuraşiş boşqarmasi xabar berdi.
Qayd etilişiça, Nukus şahrida yaşovçi, 2004 yilda tuğilgan, avval öğrilik jinoyati uçun sudlangan M. ismli fuqaroning telefonini tekşiriş davomida Telegram messenjeridagi yopiq kanallardan birida xorijlik foydalanuvçilar bilan yozişmalari aniqlangan.
Maʼlum bölişiça, u 2025 yil 1 avgustdan boşlab Telegram’dagi “Tom” va “Mel” nomli akkaunt egalari bilan hamkorlik qilgan. Ular fuqarolarning bank kartalari maʼlumotlari va SMS tasdiqlaş kodlarini qölga kiritiş orqali hisoblaridagi pullarni yeçib oliş bilan şuğullangan.
Jinoyat sxemasiga köra, xorijlik şeriklar fuqarolarga APK formatidagi zararli fayllarni tarqatgan. Uşbu fayllarni yuklab olganlarning bank kartalariga oid maʼlumotlar va hisobidagi mablağlar haqidagi axborot jinoyatçilarga borib tuşgan. Şundan söng M. olingan maʼlumotlar yordamida operatsiyalarni amalga oşirib, pullarni şeriklari taqdim etgan boşqa bank kartalariga ötkazgan.
Uning aytişiça, kartalardan öğirlangan mablağlarning 15 foizi USDT kriptovalyutasi körinişida öziga berilgan. U ayrim kunlari 2-3 mln sömgaça daromad topgan. Tergov davomida M. verifikatsiyadan ötkaziş uçun odam topişda qiynalgaç, öziga yana ikki nafar şerik yollagani aniqlangan.
Jumladan, 2004 yilda tuğilgan, ilgari sudlanmagan E. ismli fuqaro odamlarni oz miqdordagi pul evaziga verifikatsiyadan ötkazib, ularning nomidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oşirgan. U öz körsatmasida 2025 yil dekabr oyi boşida tanişi iş taklif qilganini, vazifasi verifikatsiyadan ötadigan odamlarni topiş va ularga tegişli maʼlumotlarni tizimga kiritişdan iborat bölganini bildirgan. Buning evaziga u ötkazilgan mablağlarning 5 foizini olgan, verifikatsiyadan ötgan fuqarolarga esa 50-100 ming sömdan bergan.
Guruhning yana bir aʼzosi – A. ismli fuqaro esa moddiy manfaat evaziga boşqa şaxslarni mobil tölov ilovalarida verifikatsiyadan ötkaziş, ularning nomiga virtual bank kartalari oçiş hamda boşqa moliyaviy xizmatlardan foydalaniş uçun zarur maʼlumotlarni tayyorlaş bilan şuğullangan. Buning uçun u fuqarolarga 100–200 ming söm miqdorida haq tölagan.
Maʼlum qilinişiça, ayrim iştirokçilar jinoyat ekanini anglab, bu faoliyatni töxtatmoqçi bölganida, ularga bosim ötkazilgan. Ulardan birining aytişiça, jinoyatni davom ettirişga majburlaş maqsadida uning şaxsiy suratlari va maʼlumotlarini tarqatiş, uyiga odam yuboriş bilan tahdid qilingan.
Bildirilişiça, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegişli moddasi bilan jinoyat işi qözğatilgan. Tergov harakatlari yakunlanib, iş hujjatlari jazo tayinlaş masalasini körib çiqiş uçun sudga yuborilgan.
Şuningdek, Qoraqalpoğistonda şu kabi jinoyatlarni sodir etgan yana sakkizta guruh aniqlanib, ularning aʼzolari qölga olingan. Hozirda ular yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Uşbu guruhlarning yettitasi Qoraqalpoğistonda yaşovçi yoşlardan, bittasi esa boşqa viloyat vakillaridan taşkil topgani aytilmoqda.









