Iqlim özgarişi oqibatida qutb muzliklarining erişi sababli Yerning öz öqi atrofida aylanişi sekinlaşmoqda. Bu kun davomiyligini har asrda 1,33 millisoniyaga uzaytirmoqda, bu esa sönggi 3,6 million yil içidagi “misli körilmagan” körsatkiçdir. Bu haqda Vena universiteti va Syurix texnologiya instituti olimlari olib borgan tadqiqotga tayanib, BBC Science Focus xabar berdi.
“Yerning aylaniş energiyasidagi özgariş magnitudasi 9,0 ball bölgan zilzilaga tengdir”, deydi tadqiqotning boş muallifi Mustafo Kiani Şahvandi.
Tadqiqot hammuallifi Benedikt Soyaning aniqlik kiritişiça, buning uçun taxminan 1000 gigatonna massaning qayta taqsimlanişi talab etiladi, bu Nyu-York tepasida böyi 10 kilometrlik muz kubi paydo bölişi bilan barobardir.
“Insonning Yer tizimiga körsatayotgan taʼsiri şu qadar çuqurlaşdiki, biz endi Yer aylanişining asl tabiatini özgartirmoqdamiz”, deydi Benedikt Soya.
Global isişning sayyora aylanişiga körsatayotgan oqibatlarini olimlar “omillarning ideal tarzda mos kelişi” deb atagan: nozik muz qatlamlari va karbonat angidrid (CO₂) gazining tabiiy ravişda köpayişi bundan qariyb 2 million yil avval ham keng kölamli muz erişiga sabab bölgan. Biroq insoniyat faoliyati atigi bir asr içida öşa davrdagi tabiiy kuç bilan tenglaşib olgan. Prognozlarga köra, asr yakuniga borib iqlim özgarişi sutka uzayişining boş omiliga aylanadi va bu borada Oyning gravitatsion taʼsirini ham ortda qoldiradi. Bunday özgarişlar GPS tizimlarining öta aniqlikdagi sinxronizatsiyasi uçun öta xavfli hisoblanadi.
Avvalgi tadqiqot maʼlumotlariga köra, muzliklarning erişi allaqaçon sayyora şaklini özgartirib, uni qutblardan yanada yassiroq holatga keltirgan va asosiy massani qutblardan ekvatorga tomon surgan. Şu bilan birga, 2024 yildayoq olimlar uşbu jarayon asr oxiriga borib kun davomiyligining 2,62 millisoniyaga uzayişiga olib kelişini aniqlaşgan. Jahon meteorologiya taşkilotining yaqinda eʼlon qilingan hisobotiga köra, 2025 yilda Yerning energetik disbalansi (muvozanatsizligi) kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori rekord darajaga yetgan.









