Taniqli bloger, siyosiy-ijtimoiy şarhlar bilan tanilgan “Fayzboğ” sahifasi asosçisi Temur Malikning otasi sirli tarzda ğoyib bölib, ruhiy xastalar şifoxonasidan topildi va oradan köp ötmay vafot etdi. Bloger otasi Samarqand şahar IIB xodimlari tomonidan ruhiy kasalliklar şifoxonasiga olib borib qöyilgani, bundan oila aʼzolari boxabar qilinmagani va şifoxonada qilingan kuçli taʼsir qiluvçi dori vositalari sabab halok bölganini daʼvo qilmoqda. Bu haqda u özining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Uning qayd etişiça, otasi – II guruh nogironi, 1956 yilda tuğilgan V.T. 14 aprel kuni bir sutka davomida uyda huşsiz yotganidan keyin halok bölgan.
Marhum 11 yil davomida mahalla raisi bölib işlagan va bundan 8 yilça avval pensiyaga çiqqan. Sönggi paytlarda u altsgeymer kasalligi bilan kuraşayotgan bölgan.
“Bundan bir hafta oldin, 10 aprel kuni otam sirli ravişda ğoyib böldi. Bir sutka davomida qilgan qidiruv işlarimiz natijasida, uni Samarqand şahar IIB Samarqand tumani ruhiy xastalar şifoxonasiga olib borib qöyganini aniqladik. Keyinçalik, bundan jahlimiz çiqib, öşa kunning özidayoq otamni uyga olib keltirmoqçi edik, biroq iş kunlari tugagani sababli (şanba kuni edi), u yerdagi vraçlar bizga bemorni faqatgina duşanba kuni boşliqning ruxsati bilan qöyib yuborişini aytib, berişmadi. Duşanba kuni erta sahar olib keldik.
Ammo, uning ahvoli öşa paytda öta oğir edi. Şifoxonadagi “qassob” şifokorlar otam qoniga öta kuçli taʼsir qiluvçi preparatlarni yuborgan va u uyiga qaytganidan keyin bir sutka davomida öziga kelmay yotib, oxiri 14 aprel, seşanba kuni halok böldi”, deb yozgan Temur Malik.
Bildirilişiça, ayni vaqtda Samarqand viloyat prokuraturasiga holat böyiça tegişli suriştiruv işlarini olib borişni sörab, rasmiy ariza kiritilgan. Tegişli tartibda sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan, ayni vaqtda uning natijalari kutilmoqda.
Bloger Temur Malik bir qator talablarni qöygan.
“Otam qanday qilib ruhiy şifoxonaga tuşib qoldi? Uni kim uyoqqa olib bordi va nima uçun oila aʼzolarini bundan xabardor qilmadi?
Otamni kim va qanday preparatlar bilan uning ölimiga olib keluvçi ukollar qildirdi? Ekspertiza javoblari çiqqunça holat keyinçalik yopdi-yopdi bölib ketmasligiga kafolatlar kerak.
Qaysidir bir kiçik xodim arzimas jazo olib, voqea bosti-bosti bölib ketişiga yöl qöymaslik kerak. Samarqand tumanidagi ruhiy xastalar şifoxonasi faoliyati tubdan qayta körib çiqilişi va undagi iş jarayoni hamda xodimlar malakasiga tegişli huquqiy va professional baho berilişi lozim. Agar bizdan oldin ham kimdir şunga öxşaş holatlarga duç kelgan bölsa, menga murojaat qilişlarini sörab qolaman”.
Holat böyiça Özbekiston Respublikasi Boş prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Şamsutdinov rasmiy bayonot berib, Samarqand tumani, “Qumzor” MFY, Şohnoma köçasida yaşagan, 1956 yilda tuğilgan fuqaro V.T. 14 aprel kuni öz uyida vafot etganligi holati yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekşiriş harakatlari olib borilayotganini maʼlum qildi.
“Marhumning ölim sabablarini aniqlaş maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Tekşiriş harakatlari har tomonlama, töliq va xolisona ötkazilişi taʼminlanib, natijalariga köra qonuniy qaror qabul qilinadi”, deydi Şamsutdinov.









