Miya ilmiga qiziquvçi namanganlik Jamşidbek Izzatullayev AQŞning taʼlim sohasida birinçi raqamli Vanderbilt universitetiga 100 foizlik grant asosida qabul qilindi. Boşqaça aytganda, u şu universitetda öqiş uçun 373 000 dollarlik grant sohibiga aylandi.
Jamşidbek Izzatullayev 2005 yilda Toşkent şahrida tavallud topgan. Namangan şahridagi 58-sonli davlat ixtisoslaştirilgan umumtaʼlim maktabida 9-sinfgaça tahsil olgan. Söngra Toşkentdagi Millat umidi maktabi (Cambridge International College)ga töliq grant asosida qabul qilinib, öqişni poytaxtda davom ettirgan va maktabni oltin medalga bitirgan.
Jamşidbek universitetga tayyorgarlik jarayonida IELTSdan 8.0, SATdan 1520 ballni qölga kiritdi. U testlarga tayyorlaniş bilan birga, darsdan taşqari köplab maşğulotlarda bilim va könikmalarini oşirgan. Jumladan, ikki yil davomida TEDxCICTashkent loyihasini boşqarib, notiqlik sanʼati böyiça dars ötgan. Şuningdek, Maktabgaça va maktab taʼlimi vazirligi qoşidagi ITSM taşkilotida tarjimon sifatida amaliyot ötagan.
Qiziqqan sohasi, yaʼni miya ilmiga oid özbek tilidagi manbalarning yetişmovçiligi sababli, Jamşidbek özi asos solgan Miyaşunos loyihasi orqali özbek tilida kiçik maqolalar yozib bordi. Şu va boşqa köplab loyihalar Jamşidbekning miya ilmiga qiziqişini kuçaytirdi va universitetga grant yutişida katta yordam berdi.
Vanderbilt — Amerikaning eng nufuzli universitetlaridan biri. Topşiruvçilarning atigi 6,7 foizini qabul qilganligi sababli kiriş eng qiyin bölgan universitetlardan sanaladi. Amerika universitetlarining reytingini tuzadigan işonçli manba US News maʼlum qilişiça, Vanderbilt Amerikaning umumiy reytingidagi 436 ta universitet orasida 18-örinda turadi. Taʼlim sohasida esa Vanderbilt — yaqqol peşqadam.









